Ezgu tashabbuslardan mahalla ahli mamnun
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan bu yilgi yasharish va yangilanish ayyomi saxovatli tadbirkorlarimizni yordamga muhtoj oilalarga muruvvat koʻrsatishga ragʻbatlantirayotgani eʼtiborga sazovordir.
Oltiariq tumanining “Qahramon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qilayotgan tadbirkor Sherzodbek Bekmurodov yaqinda oʻz mablagʻi hisobidan mahallaga 600 metr masofada ichki yoʻl qurib berdi. Bunday qulaylik natijasida uzogʻi yaqin boʻlgan mahalladoshlar Navroʻzni yangi yoʻl quvonchi bilan kutib olmoqda.
Tadbirkor Sh. Bekmurodov qariyb 400 million soʻm mablagʻ sarflab, mahalladoshlari uchun toza ichimlik suvi ham chiqardi. Bugungi kunda hududdagi 250 xonadon shu suvdan damlangan koʻk choy bilan Navroʻz dasturxonini bezamoqda.
— Saxovatpesha tadbirkorlarimiz tashabbusi bilan yakka-yolgʻiz, boquvchisini yoʻqotgan mahalladoshimizga yangi uy qurib berildi, — deydi “Qahramon” MFY raisi Dilmurodjon Orifjonov. — Shu tariqa u Navroʻz bayramini yangi uyda qoʻshaloq shodiyona sifatida nishonlayotir.
Ayni kunlarda Ramazon oyi va Navroʻzi olam fazilatlaridan ruhlangan mahalladoshlar navbatdagi xayrli ishga qoʻl urib, yana bir ehtiyojmand oila uchun hashar yoʻli bilan uy qurib berish ishlarini yakuniga yetkazishmoqda. Mahalla raisining aytishicha, ushbu xonadondagi qurilish-taʼmirlash ishlarini hayit ayyomigacha yakunlash maqsad qilingan.
Demak, Navroʻz shukuhi va hayit shodiyonalari davom etadigan kunlarda yana bir oilaning nafaqat yashash xonadoni, balki koʻngil uyi ham obod boʻladi!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring