Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ukrainani kelajakda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bayonot berdi
Foto: Reuters
Yevropa Ittifoqi Ukrainani qoʻllab-quvvatlash siyosatini davom ettirmoqda. Bu haqda Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen maʼlum qildi.
“Tinchlik muzokaralari davom etar ekan, Yevropa Ittifoqi Ukrainani qoʻllab-quvvatlashda qatʼiy turibdi. Bizning [Kiyev uchun] moliyalashtirish boʻyicha takliflarimiz koʻrib chiqilmoqda. Biz Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga Yevropa Ittifoqi oʻz tamoyillariga sodiq qolishini yana bir bor tasdiqladik”, — deydi Yevropa Komissiyasi Prezidenti.
Fon der Lyayenning soʻzlariga koʻra, Ukraina “Yevropa Ittifoqining birinchi mudofaa chizigʻi” va shuning uchun mamlakat xavfsizligi uzoq muddatda kafolatlanishi kerak. Uning qoʻshimcha qilishicha, shu sababli Yevropa Kiyev uchun “adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun barcha saʼy-harakatlarga hissa qoʻshishda davom etadi”.
Avvalroq, Germaniya kansleri Fridrix Mers va boshqa Yevropa yetakchilari Zelenskiyni AQSH prezidenti Donald Trampning mojaroni hal qilish boʻyicha tinchlik rejasiga qoʻshilmaslikka chaqirgani haqida xabar berilgan edi. Taʼkidlanishicha, yevropaliklar Ukraina tinchlik muzokaralari natijalariga qanday taʼsir qilishi mumkinligi “nomaʼlumligicha qolmoqda”.
Oʻz navbatida, AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Yevropani Ukrainadagi vaziyatni hal qilishdagi asosiy toʻsiq sifatida koʻrayotganini maʼlum qildi.
“Ukraina rasmiysi Tramp maʼmuriyati Zelenskiyga tezkor harakat qilish uchun bosim oʻtkazayotgan bir paytda, yevropaliklar ehtiyotkorlik va sabr-toqatni tavsiya qilayotganini aytdi. Bu dinamika Oq uydagi baʼzi odamlarni gʻazablantirmoqda, ular yevropaliklarni kelishuvga asosiy toʻsiq deb bilishadi”, — deya yozmoqda “Axios” portali oʻz manbalariga tayanib.
AQSH maʼmuriyati Trampning yangilangan tinchlik rejasining bir qismi sifatida Ukraina muhim hududiy imtiyozlarga rozi boʻlishini talab qilmoqda. Biroq, Kiyev AQSH taklifining ayrim elementlari Moskva uchun juda qulay va Ukraina tomoniga bosim hamda Vashingtonning Rossiyaga koʻrsatayotgan bosimiga nomutanosib deb hisoblaydi.
Kiyevga koʻra, bu Yevropa ittifoqchilari bilan maslahatlashuvlar tugagunga qadar rejani yakunlashni tezlashtirishga urinish boʻlib tuyuladi. Oʻz navbatida, AQSH rasmiysi bunday daʼvolarni rad etdi va Vashington Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham oʻz pozitsiyasini yumshatish uchun bosim oʻtkazayotganini aytdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring