Yetti xazinaning biri

15:14 06 Noyabr 2025 Jamiyat
234 0

Arnasoy tumanida faoliyat yuritayotgan “Reak hunter” masʼuliyati cheklangan jamiyati parrandachilik sohasini izchil rivojlantirib, aholini parhez goʻsht va tuxum mahsulotlari bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jamiyat negizida tashkil etilgan zamonaviy parrandachilik majmuasi bedananing ikki turi – tuxum yetishtirishga moʻljallangan “yapon manjur” va goʻsht yoʻnalishidagi “oq gigant” zotlarini parvarish qilishga ixtisoslashgan. Majmuada parranda yetishtirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan boʻlib, ozuqa tayyorlash, inkubatsiya va parvarish jarayonlari toʻliq zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiriladi.

– Loyihaning dastlabki bosqichida 30 ming dona bedana parvarishi yoʻlga qoʻyilgan. Har kuni 10-12 ming dona tuxum ishlab chiqarish, har 45 kunda 5 tonna goʻsht mahsuloti yetishtirish imkoniyati mavjud, – deydi jamiyat rahbari Bobur Abjalilov. – Keyingi bosqichlarda bu koʻrsatkichni 50 mingdan 200 ming boshgacha yetkazishni moʻljallayapmiz. Kelgusida majmuaning ishlab chiqarish quvvatini yanada kengaytirib, turli ekzotik qushlar – qirgʻovul, sesarka va kaklik yetishtirish ham rejalashtirilgan.

Ayni paytda majmua hududida bedana polaponlari, yangidan yetishtiriladigan qirgʻovul va boshqa turdagi parrandalarni parvarish qilish uchun zamonaviy pitomniklar qurilishi jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Bu ishlar tugallangandan soʻng majmuada ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi. Mahsulot turlari kengayishi kutilmoqda.

Eʼtiborlisi, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida jamiyatning ovchilik xoʻjaligi ham tashkil etilgan. Majmuada yetishtirilayotgan parranda zotlari ekologik muvozanatni saqlash va ovchilik xoʻjaligini rivojlantirishga ham yoʻnaltiriladi.

Hozirgi kunda majmuada 10 nafar ishchi doimiy ish bilan taʼminlangan. Ish jarayonlari uch smenada tashkil etilgan boʻlib, kelgusida ishlab chiqarish hajmiga mos ravishda yangi ish oʻrinlarini yaratish rejaga kiritilgan. Tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki hududda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq aholisining daromad manbalari va bandligini oshirishga xizmat qiladi.

Ulugʻbek ADILOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер