Yetti dumalasa tozami? Bo‘zsuv kanali qirg‘oqlaridagi tashvishli va ayanchli holatlar haqida

11:06 19 Aprel 2018 Jamiyat
5284 0
Foto: Shomurot Sharapov "Xalq so‘zi".

“Tabiatning noyob mo‘’jizasi”, “So‘lim oromgoh”, “Poytaxtni toza ichimlik suvi bilan ta’minlovchi asosiy manba”... Bo‘zsuv kanaliga shunday ta’riflar berishadi. Bu esa unga juda-juda yarashadi.

Darhaqiqat, poytaxt va uning viloyati hayotida mazkur suv manbasining ahamiyati yuqori. Undan oqayotgan obihayotdan minglab gektar ekinzorlarni sug‘orish, arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish, sportning suv bilan bog‘liq turlarini rivojlantirish mumkin. Biroq ayni paytda bunday katta imkoniyatdan qay darajada foydalanilmoqda? Hayot manbai bo‘lmish suvga munosabatimiz qanday? Kuzatuv va o‘rganishlar hali bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talay ekanligini ko‘rsatmoqda.

Qibray tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga Toshkent shahar hokimligining “Suvsoz” davlat unitar korxonasidan xat keldi. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “...Ma’lumki, Toshkent shahrini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashning asosiy manbai Bo‘zsuv kanali hisoblanadi. Garchi shahar aholisiga yetkazib berilayotgan suvning sifati barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Davlat standarti talablariga javob bersa-da, kanal qirg‘og‘ining sanitariya holati bizni katta tashvishga solmoqda.

Foto: Shomurot Sharapov "Xalq so‘zi".

Tumandagi Limonzor, Baynalmilal, Universitet ko‘chalaridagi sohil atrofida joylashgan uy-joylardan chiqayotgan iflos oqovalar quvurlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanal suviga oqizilmoqda. Dala-hovlilarda, yakka tartibda qurilgan uy-joylarda, noqonuniy qurilmalarda kanalizatsiya tizimining yo‘qligi, qirg‘oq atrofidagi ekinzorlarda turli xil mineral o‘g‘itlarning nazoratsiz ishlatilishi yil sayin ichimlik suvi sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda”.

Xatda bu va boshqa kamchiliklar joriy yil yanvar oyida Bo‘zsuv bosh suv o‘tkazish inshootining kimyo-bakteriologik laboratoriyasi vakillarining kanal 2-sanitariya himoya mintaqasi hududini o‘rganish chog‘ida aniqlanganligi bayon qilingan va mazkur holatni bartaraf etish choralarini ko‘rishda amaliy yordam so‘ralgan.

Ochig‘i, mazkur maktubda vohaning “moviy belbog‘i” hisoblangan Bo‘zsuv kanali qirg‘oqlaridagi tashvishli va ayanchli holatning bir qismi bayon qilingan, xolos. Mavzuni davom ettirishdan avval ikki og‘iz Bo‘zsuv kanali haqida.

Vohaning “moviy belbog‘i”

Bo‘zsuv kanalining bunday ta’riflanishi mubolag‘a emas. Chunki uning go‘zalligi, bir maromda, vazmin oqishi, hosil qilayotgan tabiiy mikroiqlimi har qanday kishini o‘ziga rom qiladi. Shuningdek, kanal Toshkent shahri va poytaxt viloyatining bir qismini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. U Qibray, Toshkent, Zangiota, Yangiyo‘l, Chinoz tumanlari ekinzorlariga, Janubiy Qozog‘istonning qariyb 140 ming gektar yerlariga obihayot beradi. Uzunligi 160 kilometrni tashkil etadi. Irrigatsiya va sanoat uchun mo‘ljallangan Qorasuv, Salar, Kaykovus, Anhor, Iskandar, Yuqori Toshkent, Jo‘n, Kurkuldoq, Niyozboshi, Shim, Toshkent kabi 23 ta kanal aynan Bo‘zsuvdan chiqarilgan. Bu kanallarning umumiy uzunligi esa 400 kilometrdan ortiq.

Kanalning Chirchiq daryosidan chiqadigan boshlang‘ich qismida suv sarfi har soniyada 310 kub metrga yetadi. Kengligi 10 — 20 metrni tashkil etishi inobatga olinib, unda elektr quvvati ishlab chiqariladigan 16 ta mustaqil korxona barpo etilgan. Bugun Chirchiq — Bo‘zsuv gidroenergetika tizmasida O‘rta Chirchiq, Chirchiq, Qodiriya, Toshkent, Quyi Bo‘zsuv gidroelektr stansiyalari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu inshootlarda ishlab chiqarilayotgan elektr quvvati arzonligi bilan e’tiborga molik.

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli bu korxonalar kanalning maromida ishlashini ta’minlashda mas’ullardan hisoblanadi. Garchi bu haqda mutasaddilar aniq me’yoriy hujjatni taqdim etishmagan bo‘lsa-da, korxonalarda belgilangan shtat jadvali, sohildagi qurilgan noqonuniy inshootlarning ayrimlarini buzdirish haqidagi sudga kiritilgan ishlarda ular da’vogar bo‘lganliklari ana shunday xulosaga kelishimizga asosdir.

Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, poytaxtimiz hududidan oqib o‘tuvchi kanallarning qirg‘oqlarini mustahkamlash, sohil bo‘ylarini obodonlashtirish, ularni oromgohlar, ko‘ngilochar maskanlarga aylantirish va aholi uchun boshqa qulayliklar yaratish borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Afsuski, kanalning viloyat hududida joylashgan sohillar haqida ana shunday fikrni aytish qiyin. 

Bo‘zsuv yoqasidagi chakalakzorlar

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasidagi suv omborlari va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanallar va kollektorlarning, shuningdek, ichimlik suvi va maishiy suv ta’minotining, davolash va madaniy sog‘lomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining, suvni muhofaza qilish zonalari haqidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori suvdan foydalanuvchilar uchun asosiy hujjatlardan biri sanaladi. Mazkur Nizom suvni muhofaza qilish zonalarini va suv inshootlarining sanitariya muhofazasi hududlarini belgilash tartibini, shuningdek, suv resurslari ifloslanishi, bug‘lanishi hamda tugashining oldini olish uchun bu zonalarda xo‘jalik faoliyati tartibini boshqarib boradi.

Foto: Shomurot Sharapov "Xalq so‘zi".

Afsuski, joylarda Nizom talablariga rioya qilmaslik holatlarini ko‘plab uchratish mumkin. Masalan, hozir “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining korxonasi hisoblangan Chirchiqdagi sobiq qiyin eriydigan va o‘tga chidamli metallar kombinati Bo‘zsuv kanalining o‘ng sohilida joylashgan. Korxona bilan suv o‘rtasidagi bir kilometrdan ortiq muhofaza zonasi e’tibordan chetda qolib, rosmana chakalakzorga aylanib ketgan. Ishbilarmonlar chakalakzordan qutulishning antiqa yo‘lini izlab topishdi: erta bahorda sohilning bir qismiga o‘t qo‘yib yuborildi. Qolgan qismi esa asl holicha turibdi. Qulagan bahaybat daraxtlar suvning ravon oqishiga to‘sqinlik qilmoqda. Korxonadan chiqarilgan oqova suvlar oqibati o‘ylanmasdan kanalga tashlanadi. Ularning ayrimlari shu qadar ustalik bilan ihotalanganki, uning borligidan oqova suvning ovozi xabar beradi, xolos.

Mazkur holatning oldini olish uchun mutasaddi etib belgilangan Qodiriya GESlar tizmasining nazoratchisi Rustam Nurmamatovning mazkur hududdagi 15 yillik faoliyatida korxonaga biror marta ham kirmaganligi, rahbariyatni belgilangan tartibda ogohlantirmaganligi, vakolati doirasida ish ko‘rmaganligiga nima deysiz?! Vaholonki, u har kuni xizmat taqozosi bilan mana shu hududdan o‘tadi. O‘z ta’biri bilan aytganda, unga har bir daraxt, har bir giyoh tanish. Qolaversa, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Chirchiq shahridagi mutasaddilari, shahar davlat sanitariya-epidemiologiya markazi mutasaddilarining bu holatdan xabarlari yo‘qmikin? Korxona ma’muriyati ham ogohlantirish yoki talabni kutib o‘tirishlari shart emas, nazarimizda. Axir atrof-muhit musaffoligi, ekologiyaga e’tibor o‘zimizga, kelajakka e’tibor emasmi? Garchi Nizomda belgilangan bo‘lmasa ham, shunday yirik korxona uchun muhofaza hududini obodonlashtirib qo‘yish qiyinchilik tug‘dirmas.

Bu holat ro‘paradagi Avtomobilchilar ko‘chasida yashovchi aholiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Ya’ni chap qirg‘oqdagilar o‘ng qirg‘oqdagilardan, go‘yoki o‘rnak olib, axlatlarni shundoqqina suv bo‘yiga tashlab qo‘ya qolishayapti.

Yetti dumalasa tozami?

Bunday noxush holatlarga kanalning Qibray tumani hududidan o‘tuvchi qismida ham duch kelasiz. Misol uchun, “Darxon” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining ayrimlari sohilni chiqindixonaga aylantirib olishgan.

— Bu “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tomonidan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani natijasida yuzaga kelmoqda, — deydi tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bo‘lim boshlig‘i Nosir Mahkamov. — Albatta, hamma aybni bitta tashkilot zimmasiga yuklab qo‘yish ham adolatdan emas. Muammo birgalikda hal etilishi lozim.

Suvning ifloslanishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan yana biri qirg‘oq bo‘yida noqonuniy ravishda qurilgan inshootlar hamda mahalliy aholi tomonidan muhofaza hududining o‘zlashtirib olinganligidir.

“Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘inining Navqiron ko‘chasida joylashgan xonadonlarning hovli, tomorqalari sohilga tutashib ketgan. Vaholonki, belgilangan me’yorlarga ko‘ra, orada 20 metr muhofaza hududi bo‘lishi lozim. Deyarli barcha xonadon o‘zlaricha dam olish maskanlari barpo etganlar. Ko‘cha bo‘ylab “Dam olish joyi bor”, “Basseyn bor”, degan e’lonlarni ko‘plab uchratish mumkin. Kunlar isishi bilan ularning bozori yurishadi. Hatto suv ustiga qurilgan shiyponlardan kuzgacha odam arimaydi. Shiyponlarni ijaraga berish bu yerda yashayotgan xonadon sohiblarining daromad manbai ekanligi esa hech kimga sir emas. Lekin mazkur holatni tartibga solish uchun mutasaddi tashkilotlar o‘zlarini ko‘rmaslikka olayotganliklari kishini o‘ylantiradi.

Qozon qaynab tursa, idish-tovoq kimyoviy vositalar bilan yuvilsa, basseyndan odam uzilmasa, kun bo‘yi dasturxon yig‘ilmasa... Tabiiyki, shunga yarasha turli chiqindilar, oqova suvlar hosil bo‘ladi. Kanalizatsiya tarmog‘i bo‘lmagach, oqovaning kanal suviga qo‘shilib ketishi ko‘rinib turgan haqiqat.

— Uyimizning kadastr hujjatlari bor, — deydi xonadon sohiblaridan biri Xayriddin Sayfiddinov. — Chegaramiz suv yoqasidan 20 metr uzoqlikda, lekin ikkinchi tomondan qaraydigan bo‘lsak, muhofaza zonasini ham o‘z holiga tashlab bo‘lmaydi. Uni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish kerak. Aholining bu xildagi obodonlashtirish ishlari esa aks samara bermoqda.

— Aholi o‘rtasida atrof-muhit muhofazasi, suvning ahamiyati, qadr-qimmati haqida muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O‘tkir Ahmedov. — Sud qaroriga muvofiq, sohilda ayrim mukammal qurilgan uylarni buzish ishlari ham boshlab yuborildi. Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining qaroriga muvofiq, 2-sonli GES hududidagi yangi va eski o‘zan oralig‘ida 0,8 gektar maydonga qurilgan bino butunlay buzib tashlandi. Bu atrofdagilarga saboq bo‘lishi lozim.

Kurashayapmiz, lekin yetarli emas

Yuzaga kelgan vaziyatni mo‘’tadillashtirish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilayotganligini ham qayd etish kerak. Masalan, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining joylardagi inspektorlari mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda kanal sohilida qurilgan bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazishdi. Oltmishdan ortiq fuqaro ogohlantirildi. O‘tkazilgan reydlar davomida 8 nafar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan 1 million 379 ming so‘m miqdorda jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tasdiqlangan dasturga binoan, muntazam ravishda suvning holati va tarkibi tahlil qilib borilmoqda.

Foto: Shomurot Sharapov "Xalq so‘zi".

Bo‘zsuv kanalining Qodiriya GESlar tizimiga qarashli 18,8 kilometr hududida 158 ta noqonuniy qurilma borligi aniqlangan. Ularning aksariyatini dala-hovlilar tashkil etadi. Taqdim qilingan ma’lumotlarda 41 noqonuniy qurilmaning egasi yo‘qligi qayd etilgan. Ana shunday ma’lumotlar boshqa mutasaddi tashkilotlarda ham bor. Lekin ularning ko‘lami va hajmi nihoyatda kam. Hisobotlar bir-birini takrorlaydi. Bu amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kun talabiga javob bermaydi, deganidir.

Mukammal me’yoriy hujjat kerak

Qodiriya GESlar tizmasi direktori Uchqur Mirahmedovning aytishicha, amaldagi Nizom barcha muammoni qamrab olmagan. Masalan, sug‘orilayotgan ekin maydonlarining oqova suvi kanalga tashlanishi holatlari mavjud. Bu esa ichimlik suvi sifatiga ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi, albatta. Bordiyu tashlanmasa, uni nima qilish kerak?

Bunday misollarni yana keltirish mumkin. Yuqoridagilardan kelib chiqib, qayd etilgan Nizomni ko‘rib chiqish vaqti yetmadimikan, degan fikr tug‘iladi. Unda, shuningdek, bahstalab masalalar bilan bir qatorda, suv ob’ektlari uchun mas’ul tashkilotlar aniq belgilab qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu borada respublika Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbus ko‘rsatishi lozim. Shunda mamlakatimizdagi suv omborlari, havzalar, daryolar, magistral kanallar va kollektorlardagi mavjud muammolarni hal etish imkoniyati yaratiladi.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Toshkent shahar “Suvsoz” davlat unitar korxonasi yuqorida qayd etilgan xatini aniq ijrochiga yo‘llamagan ko‘rinadi. Xatda ko‘rsatilgan masalalarni hal etish uchun tuman hokimligi bilan birgalikda yana bir nechta tashkilot mas’ul hisoblanadi. Tuman bosh arxitekturasi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Toza hudud” unitar korxonasi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, tuman ichki ishlar bo‘limi, Qodiriya GESlar tizmasi unitar korxonasi, Qodiriya bosh suv inshooti shular sirasidandir. Bu tashkilotlar faoliyatida ham takrorlash holatlari yo‘q emas. Demak, masala imkoniyat darajasida hal etilishi kerak. Chunki har safar suv bilan bog‘liq “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashda yuqorida nomlari zikr qilingan tashkilotlar qaytarilaveradi. Har bir yumushning o‘z egasi bo‘lgani ma’qul emasmi?

Bo‘zsuv kanali. Bu tabiatning noyob mo‘’jizasi. Yuqorida sanalgan jihatlar uning bir qismi, xolos. Shunday ekan, uni asrab-avaylash, suv sifatini saqlash, sohillarni obodonlashtirish, bebaho ne’matdan oqilona foydalanish har birimizning insoniylik burchimizga aylanmog‘i darkor. Zotan, dono xalqimiz “Suvga supurib ham, tupurib ham bo‘lmaydi”, deb bejiz aytmaydi. 

Rahmatilla SHERALIYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер