YTTBning yillik yigʻilishi joriy yil Samarqandda oʻtkaziladi

Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida (ISSV) bugun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Oʻzbekiston oʻrtasida YTTB Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yigʻilishini joriy yil 16-18-may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
ISSV maʼlumotiga koʻra, tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Shuhrat Vafoyev va Oʻzbekistonda tashrif bilan boʻlib turgan YTTB Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi ishtirok etdi.
Imzolangan hujjat bankka aʼzo 73 ta davlatdan 1 ming 500 dan ortiq mehmon ishtirok etadigan YTTBning yillik yigʻilishi va biznes-forumga tayyorgarlik koʻrish, tadbirlarni oʻtkazish va yoritish boʻyicha har bir tomonning aniq tashkiliy vazifalarini belgilaydi. Bunday yuqori darajadagi tadbirning oʻtkazilishi Oʻzbekistonning jahon investitsiyaviy hamjamiyatidagi obroʻsini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillariga mamlakatimizning iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat va ishlab chiqarish salohiyati, boy madaniyati bilan batafsil tanishish imkonini berishi kutilmoqda.
Tadbirning asosiy mavzusi iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish boʻladi. Yigʻilish davomida bankka aʼzo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan panel muhokamalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Biznes-forumda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo munosabatlar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa koʻplab masalalar yuzasidan ekspertlar ishtirokida muhokama qilinadi.
Maʼlumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28-martda tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Londonda joylashgan. Oʻzbekiston 1992-yil 30-apreldan buyon bankning aʼzosi hisoblanadi. Bankning Toshkent shahrida vakolatxonasi 1993-yil may oyida, Andijon shahrida – 2019-yil oktyabrda, Urganch shahrida – 2021-yil iyun oyida ochilgan.
YTTB yigʻilishini Samarqandda oʻtkazish uchun ariza Oʻzbekiston tomonidan 2019-yilda taqdim etilgan. Oʻsha yilning oʻzida YTTB delegatsiyasi yillik yigʻilishni mamlakatimizda oʻtkazish imkoniyatini ijobiy baholagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring