YTTB loyihasi doirasida Namanganda bir qator maktablar yangidan quriladi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning yangi loyihasi doirasida Namangan hamda Fargʻona viloyatlarida Davlat-xususiy sherikchilik asosida 15 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda bank delegatsiyasi Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov mehmonlarni qabul qildi.
Moliyaviy muassasa tomonidan amalga oshiriladigan ushbu loyiha asosan chekka hududlarda joylashgan, texnik va maʼnaviy jihatdan eskirgan maktab binolarini zamonaviy talablar darajasida yangilashni nazarda tutadi. Loyihani amalga oshirish yuzasidan dastlabki oʻrganish ishlari Namangan viloyatidan boshlandi.
Uchrashuvda viloyat hokimi Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu gʻoya doirasida taʼlim sohasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
YTTB vakillari, oʻz navbatida, loyihaning maqsad va vazifalari haqida toʻliq maʼlumot taqdim etib, uning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri — yangidan quriladigan maktablarda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish ekanini taʼkidlashdi.
— Tashrifimiz davomida viloyatdagi bir qator maktablar faoliyati bilan tanishdik. Oʻquvchilarga bilim berish darajasi va taʼlim standartlari meni hayratga soldi. Men jahonning koʻplab mamlakatlarida boʻlganman, lekin bunday ijobiy natijani kutmagan edim, — dedi maktablar boʻyicha xalqaro meʼmor Sonya Spruyt. — Bugungi uchrashuvda yana bir yoqimli taassurot — viloyat hokimining shaxsan meni xalqaro “Gullar festivali”ga taklif etgani boʻldi. Oʻtgan yilgi festival haqidagi videorolikni koʻrib, kayfiyatim koʻtarildi. Hammayoq gullarga burkangan. 25-may kuni boshlanadigan 64-xalqaro anjumanda, albatta, ishtirok etamiz.
Ayni paytda loyiha doirasida yer maydonlarini ajratish va ularni texnik jihatdan tahlil qilish ishlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring