“Eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyilgan”. Toshkentda 144 tup daraxt kesib tashlandi
Foto: Daryo.uz
Poytaxtning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlandi. Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev holatni keskin tanqid qilib, bu ish Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Baxtiyor Rahmonov ning topshirigʻiga asosan tungi vaqtda amalga oshirilganini maʼlum qildi.
Kusherbayev oddiy fuqaro ekologik yoʻnalishda huquqbuzarlik qilsa, javobgarlikka tortilayotganini, lekin asosiy katta huquqbuzarliklar, hokimlarning, oʻrinbosarlarning qilgan qonunbuzarliklariga chora koʻrmayotganini taʼkidlagan. Shuningdek, u prokuratura organlari ham yuqoridagi vaziyatni eʼtiborsiz qoldirayotganini ham tanqid qilgan.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda oʻrinli norozilik va keng muhokamalarga sabab boʻlgach, shahar hokimligi rasmiy izoh berdi.
Unda keltirilishicha, Bobur koʻchasida olib borilayotgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum (eliks) va 62 mingdan ortiq manzarali buta koʻchatlarini ekish ishlari doirasida, avval oʻsib turgan oʻsimliklar bilan bogʻliq ishlarni bajarishda eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyilgan.
“Bu yerda 145 tupga yaqin archa boʻlib, mutaxassislarning xulosasiga koʻra, ularning katta qismi kasallikka chalinib, asta-sekin qurib borayotgan edi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, daraxtlarni dastlab ehtiyotkorlik bilan koʻchirib oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlsada, masʼul shaxslar belgilangan talablarga rioya qilmagan. Shu bois ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, natijasiga koʻra tegishli choralar koʻriladi.
“Toshkent shahar hokimligi barcha ishlar qulay, xavfsiz va ekologik barqaror shahar muhitini yaratishga qaratilganini taʼkidlab, uni asrab-avaylash masalasiga eʼtibor qaratganlari uchun shahar aholisiga oʻz minnatdorchiligini bildiradi” deb yozadi hokimlik matbuot xizmati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring