Eronda aholi kislotali yomgʻir yogʻishi haqida ogohlantirildi

15:46 08 Mart 2026 Dunyo
765 0

Avvalroq Eron milliy neftni qayta ishlash va tarqatish kompaniyasi Tehron va Alborz hududlaridagi neft omborlari aviahujumga uchraganini maʼlum qilgan edi. Mamlakat Qizil Yarim Oy jamiyati aholini hujumlardan keyin havoga koʻp miqdorda toksik moddalar chiqishi tufayli kislotali yomgʻirlar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, neft omborlari portlaganda atmosferaga uglevodorodlar, oltingugurt va azot oksidlari kabi zararli birikmalar katta miqdorda chiqadi. Agar bunday vaziyatda yomgʻir yogʻsa, suv tomchilari mazkur moddalar bilan aralashib, oʻta kislotali xususiyat kasb etadi.

Bunday yomgʻir teriga tushganda kimyoviy kuyishlarga, nafas yoʻllari orqali kirganda esa oʻpkaga jiddiy zarar yetishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu sababli Qizil Yarim Oy jamiyati aholini, yogʻingarchilik kuzatilsa, imkoni boricha uydan chiqmaslikka chaqirdi.

Agar kishi koʻchada boʻlsa, yomgʻirdan yopiq joyda panalanishi tavsiya etiladi. Yomgʻir tomchilari teriga tekkan holda esa u yerni ishqalamaslik, aksincha toza suv bilan yaxshilab yuvish lozim — bu kimyoviy moddalarning teriga singish xavfini kamaytiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер