Eron va Argentina “Jahon chempionati-2026”ga muddatidan avval chiqdi. Bu natijaga erishgan terma jamoalar soni 7 taga yetdi

10:43 26 Mart 2025 Sport
155 0

2026-yilda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatiga yoʻllanma olgan dastlabki yetti jamoa nomi maʼlum boʻldi. Xalqaro saralash bahslari davomida bir qator uchrashuvlar yakunlandi va Eron hamda Argentina terma jamoalari musobaqaga muddatidan oldin yoʻllanma olgan jamoalar safiga qoʻshildi.

Maʼlumki, 25-mart kuni boʻlib oʻtgan Eron — Oʻzbekiston uchrashuvi 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi. Ushbu natija evaziga Eron 20 ochko toʻplab, Jahon chempionati final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Forslar guruhning soʻnggi 2 oʻyinida yirik hisobda yutqazganda ham 2 oʻrindan tushib ketmaydi.

Janubiy Amerikadagi saralash bosqichi ham qizgʻin pallaga yetgan. 26-mart tongida Argentina va Braziliya terma jamoalari oʻzaro bahs olib bordi. Unda Argentina termasi 4:1 hisobida yirik gʻalabaga erishib, Jahon chempionatiga yoʻllanma olgan yettinchi jamoaga aylandi. Argentina musobaqa mezbonlaridan biri boʻlmasa-da, saralash jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi va JCH finalida ishtirok etish huquqiga ega boʻldi.

Qayd etish kerakki, 2026-yilgi Jahon chempionati AQSH, Meksika va Kanada mamlakatlarida boʻlib oʻtadi. Mazkur davlatlar musobaqa mezbonlari sifatida toʻgʻridan toʻgʻri final bosqichida ishtirok etadi.

Shuningdek, Osiyo qitʼasidan Yaponiya terma jamoasi ham oʻz yoʻllanmasini muddatidan oldin taʼminladi. Okeaniya mintaqasidan esa Yangi Kaledoniyani finalda magʻlub etgan Yangi Zelandiya JCHda ishtirok etadigan beshinchi jamoa sifatida qayd etildi.

Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan jamoalar roʻyxati quyidagicha: 1. AQSH (mezbon), 2. Meksika (mezbon), 3. Kanada (mezbon), 4. Yaponiya (Osiyo), 5. Yangi Zelandiya (Okeaniya), 6. Eron (Osiyo), 7. Argentina (Janubiy Amerika). Bu jamoalar musobaqada ishtirok etishi aniq boʻlgan ilk yetti jamoa hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionatida Osiyo qitʼasi uchun 8,5 ta yoʻllanma ajratilgan. Saralashda 3 ta guruhda birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egallagan jamoalar toʻgʻridan toʻgʻri musobaqaga chiqadi. Guruhlarda 3—4-oʻrinlarni olgan jamoalar esa pley-off orqali qolgan 2,5 ta yoʻllanma uchun oʻzaro kurash olib boradi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhida 17 ochko bilan ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Hamyurtlarimiz jahon chempionatiga chiqishi uchun keyingi turda 13 ochkoga ega Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga yutqazmasligi yetarli boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер