Yerdan unumli foydalanish dasturxonimiz toʻkinligini taʼminlaydi

14:18 24 Fevral 2025 Jamiyat
83 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Tomorqa – koni foyda, chinakam xazina. Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Mundiyon mahallasida yashovchi Mardon Shodmonov 20 sotix tomorqasida uzum yetishtirish va koʻchatchilikdan moʻmay daromad topish hadisini olgan.

— 100 tup tok koʻchatimiz bor, undan voyish qilib, uzum yetishtiramiz, — deydi M.Shodmonov. — Bundan tashqari, tok qalamchalari va turli mevali daraxt koʻchatlari tayyorlab sotamiz, sabzavot ekinlari ekamiz. Roʻzgʻorga nimaiki zarur boʻlsa, oʻzimizdan chiqadi. Oʻtgan yilda tomorqadan 100 million soʻm daromad oldik. Mehnat qilgan, izlangan odam hovlisining oʻzidan pul topib, oilasi byudjetini toʻldiradi.

Samarqand viloyati hokimligi tomonidan Kattaqoʻrgʻon tumanida aholining tomorqa va ijaraga berilgan yerlardan samarali foydalanish orqali daromadini oshirish, bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar tashkil etildi. Viloyatdagi tegishli boshqarma va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, tuman-shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari va boshqa ishtirokchilar Mundiyon mahallasida Mardon Shodmonovning tomorqadan foydalanish tajribasini oʻrgandi.

Seminar doirasida oʻtkazilgan koʻchatlar yarmarkasida Kattaqoʻrgʻon tumanida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyilini joriy etishda amaldagi qulupnaychilik bilan birga anjir va xurmo yetishtirishga ustuvor ahamiyat berilayotgani taʼkidlandi. Mutaxassislarning tavsiyalari asosida hudud tuproq va iqlim sharoitiga mos anjir va xurmo koʻchatlari tanlanib, aholiga tarqatilmoqda. Mahsulotlarni bozor talablari boʻyicha yetishtirish va turlarini koʻpaytirish yuzasidan koʻrgazmalar namoyish qilindi.

Tumanning Valijon mahallasidagi 40 nafar ishsiz fuqaroga ijaraga berilgan 12 gektar yer maydonida qulupnay yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yiliga bir necha marta hosil olinmoqda. Seminar ishtirokchilari ushbu mahalla tajribasini ham oʻrganib, uni oʻz hududlarida joriy etish boʻyicha maslahat va tavsiyalar oldi. Kattaming mahallasidagi 5 gektar yer maydonida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida anjir koʻchatlarini oʻtqazish jarayonida qatnashdi.

Seminarda agrotexnologiyalardan toʻgʻri foydalanish va koʻchatlarni samarali parvarishlash usullari haqida mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер