Yerdan foydalanish huquqi bozor aktivlaridan biriga, eng talabgir tovarga aylanadi

22:43 09 Yanvar 2021 Klaster
3923 0

Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi nafaqat parlament aʼzolari, balki xalqimiz, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, oʻrganilmoqda. U oʻzida yaqin va istiqbolga moʻljallangan eng muhim vazifalar, ulkan maqsad va rejalarni qamrab olgani bilan gʻoyatda ahamiyatlidir.

Murojaatnomada ilgari surilgan ustuvor vazifalardan biri, bu — yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va yerlarni bozor aktivlariga aylantirish masalasi boʻldi. «Manfaatdorlik va adolat boʻlgan joyda, albatta, oʻzgarish va oʻsish boʻladi. Bu borada yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va yerlarni bozor aktivlariga aylantirish masalasini koʻrib chiqish vaqti keldi.

Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha taklif kiritsin», deya alohida taʼkidladi davlatimiz rahbari. Bu yurtimiz dehqonlari, ayniqsa, paxta-toʻqimachilik klasterlari ishtirokchilarining ayni dilidagi gap boʻldi.

Savol tugʻilishi, tabiiy: bu yangilik yer egalariga nima beradi? Ularga qanday qulaylik yaratadi? Mamlakat iqtisodiyoti va jamiyatga-chi?

Darhaqiqat, yer — davlat mulki. Sugʻoriladigan ekin maydonlari esa har qanday mamlakatning boyligi hisoblanadi. Amaliyotga kiritilayotgan yangilik zamirida, avvalo, yerdan samarali foydalanish maqsadi mujassam ekanligi diqqatga sazovor.

Yerdan foydalanish huquqi nomoddiy aktivlar toifasiga kiradi. Qonunchiligimizda bankdan kredit olishda garov sifatida yer uchastkasidan doimiy foydalanish yoki ijaraga berish huquqidan foydalanish normalari belgilab qoʻyilgan. Lekin shu paytgacha amalda undan foydalanilmadi. Sababi oddiy. Yerdan foydalanish huquqining qiymatini hisoblash mexanizmi yoʻqligi bois uni moliyaviy oborotga kiritishning imkoni yoʻq edi. Murojaatnomada ushbu masalani hal etish va yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash boʻyicha Hukumatga aniq topshiriqlar berildi.

Xalqaro tajribada «emfitevzis» degan tushuncha bor. Bu qishloq xoʻjaligi yerlaridan uzoq muddatli yoki muddatsiz foydalanish huquqini anglatadi. Dastlab qadimgi Rimda qoʻllanilgan mazkur norma hozirgi vaqtda AQSH, Fransiya, Gollandiyada, Kanada, Italiya, Belgiya, Xitoy va boshqa koʻplab mamlakatlar qonunchiligida aks ettirilgan.

Chet el amaliyotining koʻrsatishicha, yerdan foydalanish samaradorligini ham xususiy, ham yerga davlat egalik qilgan holda oshirish mumkin. Faqat yerdan foydalanuvchilar toʻrtta talabni bajarishlari shart.

Birinchisi, yer uchastkasini oʻz toifasida saqlab qolishi (qishloq xoʻjaligi yerlari, qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar yoki muhofaza fondi yerlari) kerak.

Ikkinchisi, yerlarning tanazzul(degradatsiya)ga uchrashining oldini olish (tuproqning sifat koʻrsatkichlarining yomonlashishi) chora-tadbirlarini koʻrishi zarur.

Uchinchisi, barcha ekologik talablarga rioya qilib, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi lozim.

Toʻrtinchisi, soliq toʻlovlari va zimmasidagi boshqa majburiyatlarni toʻliq bajarishi shart.

Taʼkidlanganidek, qonunchiligimizga koʻra, kredit olish uchun yerdan foydalanish huquqini garov sifatida qoʻyishiga hech qanday toʻsiq yoʻq. Shunday boʻlsa-da, bu tijorat banklari uchun qiziq emas. Negaki, yerdan foydalanish huquqini pulga aylantirish mexanizmi hozircha yoʻq. Bank qachonki bu usulda kredit berishdan manfaatdor boʻladi? Agar:

a) yerdan foydalanish huquqi bozorda talab yuqori mahsulotga aylangan boʻlib, uni yerdan foydalanuvchining oʻzi tasarruf etsa;

b) yerdan foydalanish huquqining ikkilamchi bozori yaratilib, unda mazkur huquq erkin oldi-sotdisi amalga oshirilsa;

v) garovga qoʻyilgan huquq adolatli narxda baholansa;

g) yerdan foydalanish huquqini risk va xatarlardan himoyalash boʻyicha mustahkam sugʻurta tizimi amalda faol ishlasa.

Demak, yerdan foydalanish huquqini bozor aktiviga aylantirish uchun, avvalo, xorij tajribasidan kelib chiqqan holda, uning mexanizmini yaratishimiz lozim. Ana shunda yerdan foydalanish huquqi oʻz narxiga ega turli bitimlar obyekti boʻla oladi. Sodda qilib aytganda, bozorda talabgir tovarga aylanadi. Bu jarayonda sugʻurta xizmatlari bozorini ham rivojlantirish talab etiladi. Buning uchun chet ellik mutaxassislarni jalb etilgan holda, soha isloh qilinishi maqsadga muvofiqdir. Yaʼni davlat-xususiy sheriklik asosida sugʻurta xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyilsa, xavf-xatarlar kafolatlansa, moliya muassasalarining qiziqishi ortishi, tabiiy holdir.

Buning yana bir jihati bor. Yerdan foydalanish huquqi garov sifatida qoʻyilgan boʻlsa, kredit majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, bank uni nomoddiy aktiv sifatida sotishi mumkin. Bu esa qishloq xoʻjaligi korxonalari, xususan, klasterlar zimmasidagi masʼuliyat hissini yana-da oshiradi. Yerdan samarali foydalanish, koʻproq daromad olish va kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashga undaydi.

Koʻrinib turibdiki, yerdan foydalanish huquqining nomoddiy aktiv sifatida kapitallashuvi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, mamlakatning iqtisodiy qudratini oshirishga xizmat qiladi. Agrar sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar faoliyatida yangi sahifa ochadi. Ularga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Chunki davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yerning, undan foydalanish huquqining qiymati belgilanmoqda. Qiymatli narsaning qadri baland boʻlishi esa oddiy haqiqat.

Bizning hisob-kitoblarimizga koʻra, Toshkent viloyatidagi 1 gektar yer uchun ijara narxi, agar meʼyoriy narx boʻyicha hisoblansa, 10 dollardan 30 dollargacha boʻladi. Ijara haqi bozor bahosidan kelib chiqqan holda toʻlansa-chi? 40 dollardan 80 dollargacha yetadi. Oradagi farqni koʻryapsizmi? Yer uchastkalarining normativ va bozor qiymati oʻrtasidagi ushbu tafovut qishloq xoʻjaligi yer uchastkalariga egalik huquqini berish va ulardan foydalanishning ikkilamchi bozorini rivojlantirish uchun asos boʻlishi mumkin.

Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda AQSH hamda Fransiyada faoliyat yuritayotgan barcha biznes tuzilmalarining nomoddiy aktivlari 35 foiz, Belgiyada 32 foiz, Italiyada 29 foiz, Portugaliyada 27 foiz, Germaniyada esa 24 foizni tashkil etadi. Oʻzbekistonda esa nomoddiy aktivlarning ulushi 1 foizdan ham kam. Birgina yerdan foydalanish huquqi aktiv sifatida moliyaviy oborotga kiritilgach, bu boradagi koʻrsatkich nafaqat oshadi, balki muttasil ravishda oʻsadi. Axir, qishloq xoʻjaligi korxonalari, paxta-toʻqimachilik klasterlarida foyda keltirishi mumkin boʻlgan aktivlar tarkibi koʻpayadi. Oʻz navbatida, ulardan yangi aktivlar shakllantirish imkoniyati paydo boʻladi.

Shu tariqa yer maydonlaridan foydalanish samaradorligi ortib, u investitsiyaviy jozibador aktivga aylanadi. Nomoddiy aktivlarni esa xuddi moddiy aktivlar singari sotish, ayirboshlash, ijaraga berish, garovga qoʻyish, boshqa kompaniyalarning ustav kapitaliga hissa sifatida qoʻyish ham mumkin. Pirovardida mamlakat boyligi bir necha milliard dollarga ortadi.

Prezidentimiz tomonidan yerlarni bozor aktivlariga aylantirish tashabbusi ilgari surilayotganining asl sababi ham nomoddiy aktivlardan unumli foydalanib, iqtisodiyotni rivojlantirish, aholini boy qilishdir.

Murtazo RAHMATOV,
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi raisi,
iqtisodiyot fanlari doktori, senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер