Yer va suv resurslarini muhofaza qilishning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda

12:26 30 Aprel 2025 Siyosat
243 0

Foto: Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»

Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yer va suv  resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda bo‘sh turgan yerlarni hisobga olish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirish, huquq egalarining yer uchastkalarini olganlik uchun haq to‘lashni amalga oshirish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish zarurati tug‘ilmoqda.

Shuningdek, yer osti suvlarini yerlarni sug‘orish va boshqa maqsadlar uchun olish keskin o‘sganligi, shuningdek quduqlarni ruxsatsiz burg‘ilash va suvlardan nazoratsiz, hisobga olmasdan foydalanish hollari davom etayotganligi sababli yer osti suv resurslarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirish ham zarur.

Qonun bilan Yer kodeksiga davlat mulkidagi bo‘sh turgan yerlarning hisobga olinishini tashkil etishni, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan ob’yektlarni joylashtirishni, yer uchastkalarini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning turlariga aniqlik kiritilmoqda, sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha aniq talablar belgilanmoqda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash zarur bo‘lgan hollar kengaytirilmoqda.

 “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga yer osti suvlariga quduqni burg‘ilash uchun ruxsatnoma berish o‘rniga yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish tartibini joriy etish belgilanmoqda. Jumladan, Soliq kodeksiga yer osti suvlaridan foydalanuvchilar tomonidan suvni hisobga olish vositalarisiz suv olinganida soliq to‘lovini belgilangan soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirish nazarda tutilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonunga ma’muriy-hududiy birliklarning davlat reyestrida ob’yektni ma’muriy-hududiy belgilashning tizimli kodi to‘g‘risidagi axborot aks ettirilishiga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi yerlarni muhofaza qilish va yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, Ma’muriy-hududiy birliklar davlat reyestrining axborot tizimini takomillashtirishga, shuningdek yer osti suvlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Davronbek Ernazarov / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер