Yer uchastkalarini berishda qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

09:45 24 Dekabr 2020 Siyosat
2512 0

Yer umummilliy boylikdir, u xalqning bitmas-tuganmas mulki hisoblanadi. Yer, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarishning asosini tashkil etadi. Tom maʼnoda odamlarni boqadi, kiyintiradi. Demak, uni asrash, har qarichidan samarali foydalanish barchamizning burchimizdir. Shuning uchun mamlakatimizda yerdan oqilona foydalanish, yer resurslarini muhofaza qilish, har bir qarich yerning hisob-kitobini yuritish, yerlardan foydalanishda uchrayotgan salbiy holatlarni tezkorlik bilan aniqlash hamda ularni bartaraf etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Ayni kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi muhokama etilmoqda. Bu orqali qonunchilikda bir qator muhim yangiliklarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Maʼlumki, amaldagi Yer kodeksi 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan. Unga bugunga qadar bir necha bor oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlsa-da, oʻtgan 22 yil davomida yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqilmagan edi. Ushbu kodeksda 20 tadan ortiq havola beruvchi normalar mavjud, shuningdek, bir qator masalalarning amaliyotda huquqiy yechimini topish zarurati yuzaga keldi. Masalan, amaldagi Yer kodeksida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, yer uchastkalarining xususiy mulkdorlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, yer uchastkalari bilan bogʻliq zararlarni qoplash boʻyicha normalar yoʻq.

Bundan tashqari, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida, jumladan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan belgilangan maqsadda, oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilish holatlarini hamda yer xususidagi nizolarni hal etishda vakolatga ega davlat organlarining funksiyalari belgilanmagan. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, yer uchastkalarini ajratishda shaffoflikni taʼminlash, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning cheklanishi va ularni bekor qilish, yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni himoya qilish va ularni tiklash, yerdan foydalanuvchilarga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash asoslari, yerlardan, jumladan, tuproqdan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish boʻyicha, shuningdek, yer xususidagi nizolarni hal etuvchi organlar toʻgʻrisidagi normalar ham mavjud emas.

Shularni inobatga olib, Yer kodeksi loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqildi. Yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi, jumladan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan belgilangan maqsadda oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, shuningdek, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilish holatlarini hamda yer xususidagi nizolarni hal etishda vakolatga ega davlat organlarining funksiyalari amaldagi tahrirda belgilanmagani ham kodeks loyihasini ishlab chiqishga asos boʻldi.

Kodeks loyihasining 8-bobida yer uchastkalarini berish (sotish) tartibiga bagʻishlangan. Unga koʻra, yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron auksioni orqali berilishi oʻrnatilishi munosabati bilan, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga yer berish tartibi belgilanmoqda. Yer uchastkasini berish masalalari ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilayotganligi sababli chiqarilmoqda.

Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari qishloq xoʻjaligi korxonalarining yeri boʻlishi mumkin emasligi sababli chiqarilmoqda. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni faqat ijaraga berish nazarda tutiladi. Shuningdek, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga koʻra, oʻrmon xoʻjaligini yuritish, shuningdek, oʻrmon ehtiyojlari uchun yer uchastkalari berish tartibi belgilanmoqda. Qishloq xoʻjaligi yerlarini tejash maqsadida shahar va shaharchalarda uy-joy qurish yer uchastkalari normalarini 0,04 gektargacha kamaytirish koʻzda tutilmoqda.

Shuni ham taʼkidlash joizki, yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida yangi norma kiritilmoqda. Shuningdek, aholi punktlarida muhandislik kommunikatsiyalarni qurishda mablagʻlarni tejash maqsadida alohida hollar belgilanmoqda.

Amaldagi Yer kodeksida yer uchastkalari qaysi hollarda berilishi va qaysi hollarda unga boʻlgan huquq sotilishi belgilanmagan, bu esa joylarda tushunmovchilikka olib kelmoqda. Shu kamchilikni bartaraf etish maqsadida amaldagi qonun hujjatlaridan kelib chiqib, yer uchastkalari toʻlovsiz beriladigan fuqarolar toifasi belgilanmoqda. Dehqon xoʻjalikliklarining yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilish maqsadida toʻldirilmoqda. Yer resurslaridan oqilona foydalanish ijara huquqi bilan yer berish normalari kiritilmoqda.

Albatta, tiriklik manbai boʻlib kelgan yerning har qarichidan oqilona foydalanish iqtisodiy barqarorlik kafolati, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir. Dunyoda aholi sonining oʻsib borishi, sanoatning jadal surʼatlarda rivojlanishi, global iqlim oʻzgarishi oqibatida sayyoramiz ekologik holatining yomonlashishi, yer va suv resurslari kabi tabiiy neʼmatlarning cheklanganligi sharoitida insoniyatning tabiiy resurs boʻlgan yerdan oqilona foydalanishni talab qiladi. Yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi bu borada katta huquqiy maydon yaratishi aniq.

Dilorom IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер