Eplagan — million topar, eplamagan — bahona

13:03 28 Fevral 2025 Jamiyat
166 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryoda kichkinagina tomorqasini qishda ham yashnatib qoʻyib, millionlab daromad olayotgan oilalar koʻp. Shoʻrchi tumanining “Tamshush” mahallasida yashovchi Zifnu Sultonova tomorqasining 10 sotix yer maydoniga issiqxona tashkil qilib, u yerda ekilgan limonlardan bir mavsumda 1,5 tonnadan koʻp hosil oladi. Ayni paytda toʻliq pishib yetilmagan limonzordan tushgan sof daromad 15 million soʻmni tashkil etmoqda.

Boysun tumanidan Jasur Suvonov ikki sotixli tomorqasidan samarali foydalanib, roʻzgʻoriga baraka kiritmoqda. Ayni vaqtda u issiqxonada qulupnay yetishtiryapti. Bugungi bozorda ham uning narxi ancha yuqori, masalan, 80-100 va 150 ming soʻmgacha sotish mumkin. Oilaning mavsumdagi daromadi 10 million soʻmdan oshdi. Issiqxonada “kichik qizil olma”lar pishmoqda.

Yana bir mehnatkash hamyurtimiz angorlik Kamol Normamatov tomorqasidan unumli foydalanib, 10 sotixli issiqxonasida 4 ming tup pomidor koʻchatlarini parvarishlamoqda. Bu bilan u oila aʼzolarining bandligini ham taʼminlagan. Oʻtgan yili issiqxona foydasidan imorat soldi, elga osh berib, toʻy qildi.

Denov tumanidagi Tasmasoy mahallasida 875 ta xonadon tomorqasida sitrus meva koʻchati va limon yetishtirib, har biri yiliga 200 million soʻmgacha daromad olyapti.

— Mahallamizda olti yuzga yaqin xonadon bor, — deydi Angor tumanidagi Yuqori Tallimaron mahallasi raisi Davlat Xoʻjayorov. — Ularning aksariyati tomorqasidan yiliga ikki-uch marta hosil yetishtirishning hadisini olgan. Pomidor, bodring, koʻkatlar, karam kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini parvarishlab, moʻl hosil olmoqda. Aholi tomorqalarida birgina karamning oʻndan ortiq turini uchratish mumkin. Tomorqada issiqxona boʻlsa, mehnatidan erinmasa koni foyda. Bizning xalqimiz mehnatdan qochmaydi. Yer bilan tillashib ishlaydi. Qoʻsha mashina, yangi uy-joy, toʻkin toʻylar tomorqadagi mehnatning mevasi.

Bugungi kunda viloyatdagi jami 724 ta mahallada 49 ming 471 gektar tomorqa yer maydonlari mavjud. Ushbu yer maydonlarida iqtisodiy samarasiz boʻlgan gʻalla, arpa, makka va beda ekinlar oʻrniga yuqori qiymatli eksportbop rukkola, gul karam, brokkoli, qizil lavlagi, daykon, sarimsoq piyoz, aligatr navli koʻkat kabi serdaromad ekinlar ekilishi ommalashdi. Mazkur tomorqa yer maydonlarida oʻtgan yilda olingan birlamchi hisob-kitoblarga koʻra 388 ming 845 tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirildi.

— Tomorqa yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida oʻtgan yili 1,5 mingdan ortiq jismoniy shaxslarning tomorqachilik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 35 milliard soʻm mablagʻ ajratildi, — deydi Surxondaryo viloyat fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi Roʻziboy Moʻminov. — Aholi tomorqalariga xizmat qilish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida 87 ta yakka tartibdagi tadbirkor shaklida tomorqa xizmati korxonalari tashkil etildi. “Sayxunobod tajribasi” asosida 103 ta mahallaga 220 tadan ortiq motokultivatr mini texnikalari yetkazib berildi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 286 ta tomorqa xizmati korxonalari tomonidan 41 mingta xonadonga yer haydash, urugʻ koʻchatlari, kimyoviy vositalar, mineral oʻgʻitlar yetkazish, shuningdek, ekinlarga kimyoviy ishlov berish xizmatlari koʻrsatildi.

Ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratish tajribasi amaliyotda oʻzini oqlaganini oʻtgan vaqt mobaynida aholi daromadlari oshib, turmush tarzi sezilarli darajada yaxshilanganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda ham ushbu amaliyot izchil amalga oshirilayotgani, ayniqsa, eʼtiborli. Xususan, ayni paytda dehqon xoʻjaligi uchun ajratilgan 700 gektar yer maydonda 66 ta alohida kooperatsiyalar tashkil qilinib, karam, qizil lavlagi, sarimsoqpiyoz, rukkola va kovrak kabi 15 turga yaqin daromadli ekinlarni ekish ishlari boshlab yuborildi.

Prezidentimizning 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida “Xitoy tajribasi” asosida 470 gektar yer maydonida 42 ta qishloq xoʻjaligi kooperativlari tashkil etilib, 1 ming 182 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Xususan, Shoʻrchi tumani “Oqkamar” mahallasida ijaraga yer maydoni olgan 85 nafar fuqaroni “Baxshitepa suv ishlab chiqarish” kooperativiga birlashtirib, 22,5 gektar suvsiz yer maydonidan burgʻilab suv chiqarish ishlari boshlandi. Ushbu yer maydonida yuqori daromadli eksportbop kartoshka va qizil lavlagi mahsulotlari yetishtiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?