Epilepsiya kasalligini sunʼiy intellekt yordamida aniqlash usuli yaratildi

Bugungi kunga kelib epilepsiya kasalligini sunʼiy intellekt yordamida aniqlash usuli yaratildi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumot berdi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyo boʻylab 50 milliondan ortiq kishi epilepsiya kasalligidan aziyat chekadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, ularning soni har yili 5 million nafarga koʻpayib bormoqda.
Epilepsiya – bu miyadagi elektr signallarining keskin va tartibsiz faollashuvi natijasida sodir boʻladigan surunkali kasallik boʻlib, u tutqanoq bilan namoyon boʻladi. Ushbu kasallik turli sabablar tufayli rivojlanishi mumkin va odatda tibbiy davolash yoki boshqa terapiya usullari orqali nazorat qilinadi.
Manbaga koʻra, Rossiyaning Boltiq federal universiteti hamda N.I. Pirogov nomidagi milliy tibbiy jarrohlik markazi olimlari elektroensefalografiya tahlili oʻtkazishda sunʼiy intellektdan foydalanish texnologiyasini ishlab chiqishgan.
Olimlarning taʼkidlashicha, epilepsiya har doim ham yaqqol alomatlar bilan namoyon boʻlmaydi. Bu esa xastalikni erta bosqichda aniqlash imkonini pasaytirib, oqibatda turli asoratlar kelib chiqishi holatlarini orttiradi.
Masalan, fotostimulyatsiya — kasallikka tashxis qoʻyishning asosiy usullaridan biri hisoblanib, bu jarayonda tibbiy texnologiya yordamida bemor koʻziga yorqin nur chaqnashlari yoʻnaltiriladi. Ammo mazkur usul faqat fotosensitiv epilepsiyani aniqlashda qoʻl keladi. Xastalikning yorugʻlikka sezuvchanligi boʻlmagan turiga tashxis qoʻyishda esa yangi diagnostika usullariga ehtiyoj yuqori.
Tadqiqotchilar yangi turdagi sunʼiy intellekt texnologiyasini 108 nafar kishida sinovdan oʻtkazdi. Ularning yarmi fotosensitiv boʻlmagan epilepsiya bilan ogʻrigan bemorlar hamda qolgan qismi sogʻlom insonlar boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, yangi tahlil usuli epilepsiyaning fotosensitiv boʻlmagan turiga 71 foiz aniqlikda tashxis qoʻyish imkonini berishi aniqlangan.
“Kelgusida mazkur sunʼiy intellekt yordamida epilepsiya kasalligini aniqlash jarayonlari keng qamrovda sinovdan oʻtkazilishi kutilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aziz Toshpoʻlatov Ichki ishlar vaziri boʻldi
- Eldor Shomurodov “Roma” klubining fevral oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi
- IIV sobiq rahbari Poʻlat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi
- Navoiyda 8-sinf oʻquvchisi farzandli boʻldi
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- “Tilimizga befarq boʻlmang!” Atamalar komissiyasi 30 ta xorijiy soʻz uchun oʻzbekcha muqobil taklif qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring