Eng katta shukronalik
Hayotda koʻp neʼmatlar bor. Ammo ularning eng ulugʻi sogʻliq. Negadir uni xavf paydo boʻlgandagina anglaymiz. U bor paytida juda oddiydek tuyuladi, yoʻqotish xavfi tugʻilganda esa butun dunyoning eng katta boyligiga aylanadi.
Kutilmaganda boshlangan ogʻriq meni shu haqiqat bilan yuzma-yuz qildi. Bir zumda hayotning odatiy manzarasi yoʻqolib koʻzim oldi qorongʻilashdi. Ogʻriq shunday kuchli ediki, insonning sabr degan tushunchasi ham zaif ekanini shu damda chuqur his qildim. Shunda insonning barcha orzulari, barcha rejalari bitta nuqtaga — azobdan qutulishga borib taqalar ekan.
Kasalxona devorlari ichida vaqt boshqacha oʻtadi. U yerda inson oʻzini emas, avvalo hayotni tinglaydi. Tashxis, muolaja, shifokorlarning jiddiy nigohlari orasida inson oʻzi bilan oʻzi suhbatdosh boʻlib qoladi. Men ham shunday paytda hayotning eng oddiy, eng qimmat jihatlarini qayta kashf etdim: erkin nafas olish, ogʻriqsiz uxlash, yaqinlarning ovozini eshitish eng ulugʻ saodat ekan.
Nihoyat, ogʻriq manbai aniqlandi. Shifokorlar oʻz ishini uddaladi. Ammo bu sinovdan oʻtishda meni tiklab turgan yana bir kuch bor edi. Bu — insonlar mehri. Yaqinlarim, “Xalq soʻzi” gazetasi jamoasining gʻamxoʻrligi shifokor muolajasidan ham qimmatroq edi. Tahririyat dori-darmonu barcha xarajatlarni koʻtargani, rahbarlardan biri — Sherzodjonning har kuni mendan boxabar boʻlishi, hamkasblarning birin-ketin kirib kelishi koʻnglimni ancha koʻtardi. Shunday jamoada ishlayotganimdan faxrlandim. “Sizning sogʻayib ketishingiz uchun ustoz va butun jamoa duoda” degan gapi eng qimmat muolajadan ham aʼloroq tuyuldi.
Kasalxona palatasida uchrashganim 90 yoshni qarshilagan Alijon ota esa bu sinovga maʼnaviy maʼno qoʻshdi. Uning duolari, samimiy nigohlari insonni hayotga yana mahkam bogʻlab qoʻyar ekan. Baʼzan inson xastalik orqali oʻz taqdirida zarur boʻlgan insonlarni uchratadi. Balki Alijon ota bilan xuddi ota boladek inoqlashib ketganimizning boisi shundadir.
Yana bir haqiqatni angladim: xastalik — jazo emas, balki ogohlik. U insonni ortga nazar tashlashga, hayot haqida oʻylashga undaydi, qadriyatlarni qayta jonlantiradi. Agar shu sinov orqali inson mehrning, jamoadoshlikning, duoning qimmatini anglasa, demak, u behuda yashamayapti.
Sogʻliq — faqat tan salomatligi emas. U insonni oʻrab turgan muhit, odamlar, mehr va eʼtibor bilan chambarchas bogʻliq. Zotan, sogʻliqni bor paytida asrash — eng katta shukronalikdir.
Faxriddin BOZOROV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring