Energiya va suv resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

14:28 24 Iyun 2025 Siyosat
224 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 24-iyundagi majlisida yoqilgʻi-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, qabul qilindi.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, energiya resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda hisob-kitob tizimini shaffoflashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sohada yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarga qarshi samarali kurashish, javobgarlikni kuchaytirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biriga aylangan.

Huquqni qoʻllash amaliyoti shundan dalolat bermoqdaki, tadbirkorlik subyekti tomonidan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, tabiiy gazdan yoqilgʻi yoki xom ashyo sifatida foydalanish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar sodir etilsa javobgarlikka faqat tashkilotlarning mansabdor shaxslari tortilmoqda. Bu borada huquqbuzarlik sodir etgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni esa javobgarlikka tortish asoslari belgilanmagan.

Xususan, 2024-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan energiyani behuda sarflash bilan bogʻliq 17,6 mingta, gazdan yoqilgʻi yoki xom ashyo sifatida foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq 7,6 mingta holat aniqlangan.

Bundan tashqari, Oʻzenergoinspeksiyaning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish vakolatlari qonun hujjatlarida aniq belgilab qoʻyilmagan. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga ham ushbu sohada maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilmagan.

Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzenergoinspeksiyaning maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati aniq belgilanmoqda. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga esa yoritish uchun elektr energiyasidan behuda xoʻjasizlarcha foydalanish huquqbuzarligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish taklif etilmoqda.

Shuningdek, energiya resurslaridan behuda foydalanish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham maʼmuriy huquqbuzarlik subyekti sifatida belgilanmoqda. Qolaversa, elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulanib, ularni oʻgʻirlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyatiga alohida toʻxtalib, uni takomillashtirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Loyihada nazarda tutilayotgan ayrim normalar boʻyicha aniqlashtiruvchi savollar koʻtarildi.

Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, mazkur hujjat sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning profilaktikasini kuchaytirish va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер