Energetik ichimliklar: Shifokorlar nega bu mahsulotni hayot va sogʻliq uchun xavfli deb hisoblaydi?

11:03 16 Dekabr 2023 Jamiyat
528 0

Bugun yoshlar oʻrtasida urf boʻlgan energetik ichimliklar ilk bor 1960-yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Keyinchalik Yevropa va AQSHni “zabt etgach”, biznesmenlar bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalarni qoʻshishgan.

2014-yilga kelib, JSST oʻsmirlar oʻrtasida energetik ichimliklar koʻp isteʼmol qilinayotgani yuzasidan xavotirli bayonot bilan chiqdi. 2017-yilda esa AQSHda 16 yoshli oʻsmirning oʻlimiga koʻp miqdorda isteʼmol qilingan energetik ichimlik sabab boʻlgani aytildi.

Hozir dunyoning qator davlatlarida bunday mahsulotlar sotuviga taqiqlar oʻrnatilgan. Oʻzbekistonda ham bu borada maʼlum qonuniy cheklovlar amalda.

Xoʻsh, shifokorlar nega bu mahsulotdan tiyilishni tavsiya qiladi?

Doniyor ALIMOV,
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori:


— Energetik ichimliklar meʼyordan ortiq va surunkali isteʼmol qilinsa, bosh miya, markaziy nerv tizimi, boʻgʻimlar va boshqa aʼzolarga jiddiy ziyon yetadi. Tarkibidagi kofein — psixostimulyator modda. U vaqtinchalik tetiklik hissini bagʻishlab, charchoqni aritishi, aqliy faoliyatni kuchaytirishi mumkin, ammo maʼlum bir vaqtdan soʻng, masalan, 1 – 1,5 soat oʻtgach, inson organizmida horgʻinlik battar kuchayadi, bosh ogʻrigʻi paydo boʻladi va nafaqat aqliy, balki jismoniy faoliyat ham susayadi.

Bunday mahsulotlarni tez-tez isteʼmol qiluvchilarda keyinchalik boʻgʻimlarda ogʻriqlar paydo boʻla boshlaydi va maʼlum bir asoratlarga olib keladi. Oʻsmirlar va bolalar uchun hafta mobaynida kofein isteʼmolini 60 mg.dan oshirmaslik kerak.

Bitta energetik ichimlik tarkibida esa oʻrtacha 30 mg kofein mavjud. Energetiklar ichish 18 yoshga toʻlmagan bolalar va oʻsmirlar, homilador va emizuvchi ayollar, yurak-qon tomir xastaliklariga chalingan hamda qandli diabeti bor bemorlarga tavsiya etilmaydi.

Sevara FAXRUTDINOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi masʼul xodimi:

— Energetik ichimliklar meʼyoridan ortiq isteʼmol qilinganda qonda glyukoza miqdori koʻpayib ketadi. Shakarning ortiqcha qismi yogʻga aylanadi va insulin organizmda koʻpayib, qandli diabetga olib keladi. Eng yomoni, odam bu ichimlikka beixtiyor bogʻlanib qoladi.

Qolaversa, energetiklarni koʻp isteʼmol qilish inson tanasidagi hujayra va toʻqimalarga jiddiy zarar yetkazib, jigar, yurak qon-tomir kasalliklariga olib keladi.

Guli SHAYXOVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, tibbiyot fanlari doktori:


— Yuqori konsentratsiyalangan quvvatbaxsh ichimliklar tarkibidagi taurin – energetik jarayonni jadallashtiruvchi va nerv tizimini rivojlantiruvchi modda. Uning inson organizmi uchun sutkalik meʼyori – 400 mg. Ayrim energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobargacha oshiq boʻladi va oʻsmirlar sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Bunday ichimliklar qisqa muddatda organizmga zararli taʼsir koʻrsata boshlaydi. Lekin tarkibida ortofosfat kislotasi borligi uchun buni sezmaysiz.

Masalan, 45 daqiqadan soʻng dofamin ishlab chiqarilishi ortib, bosh miyada rohatlanish, qoniqish markazini qoʻzgʻatadi. 70-80 daqiqadan keyin aks taʼsir qilish vaqti boshlanib, organizmda holsizlik holatlari yuzaga keladi.

Qolaversa, energetik ichimliklar asab tizimini ishdan chiqaradi. Ruhiy kasalliklarga chalinish xavfi ortadi, odamlarda tajovuzkorlik kuchayadi. Bolalarning zehni oʻtmaslashib, darslarni oʻzlashtirishi pasayib ketishi, nogiron, aqli zaif farzandlar tugʻilishi ayni shunday illatlarning ham asorati, desak xato boʻlmaydi.

AQSHlik tadqiqotchilar xulosasi:

Energetik ichimliklar yurakdagi QT intervali (yurakning elektrik sistolasi)ni oʻrtacha 2 soatda 10 millisoniyaga oshiradi. Agar millisoniyalarda oʻlchanadigan ushbu vaqt oraligʻi haddan tashqari uzun yoki kalta boʻlsa, yurak urushida jiddiy oʻzgarishlar yuz beradi. Bu esa hayot uchun xavfli boʻlgan aritmiyaga olib kelishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер