Endi talaba dekanat eshigida sargʻaymaydi
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, eng muhimi – korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu boradagi islohotlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar komplayens tizimi joriy etishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 10-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishar ekan, har bir vazirlik va idorada mazkur xizmatning joriy etilishi shart ekanligi haqida koʻrsatma berdi.
Korrupsiya – aksariyat jamiyatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazuvchi jiddiy jinoyatdir. Biror-bir mamlakat, mintaqa, jamiyat korrupsiyadan immunitetga ega emas. Korrupsiya tadbirkorlikka, fanga, taʼlimga, sogʻliqni saqlash va boshqa koʻplab sohalarga jiddiy zarar yetkazadi, mamlakat korrupsiyalashgan tizimda muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi.
Agar korrupsiya Oliy taʼlim muassasasida sodir boʻlsa, bu avvalgi yoshlardan butkul farq qiluvchi hur fikrli yangi Oʻzbekiston yoshlarining davlatga boʻlgan ishonchini pasaytiradi va taʼlimiy kayfiyatiga jiddiy taʼsir oʻtkazadi. Soatlab dekanat eshigida sargʻayib muammosini hal qila olmagan talabaning oʻqishga boʻlgan ishtiyoqi susayadi. Davlatimiz rahbarining koʻrsatmalarini birinchilar qatorida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti amaliyotda qoʻllay boshlagani universitetimiz talabalari uchun zoʻr yangilik boʻldi. Universitet rektori A.Allakuliyev tomonidan tashkil etilgan Talabalarga xizmat koʻrsatish markazi yoʻnalish dekanatlari, bugalteriya, oʻquv boʻlimi va universitet qabul boʻlimi, Call-center bilan integratsiya qilingan boʻlib, universitetning yoʻnalish dekan oʻrinbosarlari shu xonada murojaatchi talabalarni qabul qiladilar.
Turli navbat va sarsongarchiliklarning oldini olish uchun esa elektron navbat tizimi joriy qilingan. Talabalarga xizmat koʻrsatish (Call-center) markazining asosiy ustuvor vazifasi – talaba va abituriyentlarga sifatli xizmat koʻrsatish, ularga toʻgʻri yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, yuzaga kelgan muammolarni hal qilish hamda universitet va talabalar oʻrtasida samarali aloqa koʻprigini taʼminlashdan iborat. Mazkur markaz hozirgi kunda kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha quyidagi maktablarni qamrab oladi: Taʼlim maktabi, Biznes maktabi, Sanʼat maktabi va Muhandislik maktabi. Shuningdek, Call-center markazi talabalarga buxgalteriya masalalari boʻyicha maʼlumot berish, fanlarni qayta topshirish uchun roʻyxatdan oʻtkazish (registratsiya qilish) hamda ushbu jarayonlar bilan bogʻliq murojaatlarni qabul qilish vazifalarini ham bajaradi. Bundan tashqari, markaz abituriyentlarga hamda oʻqishini boshqa oliy taʼlim muassasasidan koʻchirmoqchi boʻlgan talabalarga toʻgʻri tavsiyalar berish, ularni kerakli jarayonlar boʻyicha yoʻnaltirish va hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam koʻrsatadi. Qisqacha aytganda, ushbu markaz talabaning universitetga kirish jarayonidan boshlab, oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlaguniga qadar yuzaga keladigan koʻplab tashkiliy va maʼmuriy masalalarni hal qilishda xizmat koʻrsatadi. Talabalar uchun yaratilgan bu sharoit vaqtni tejash bilan birga, eskicha tartibdagi qogʻozda ariza berish va ariza natijalarini kutish kabi ovoragarchiliklar va korrupsiyaning oldini oladi.
Shuningdek, universitet rektorining komplayens telegram botining ishga tushirilishi tizimdagi mavjud muammolarni rahbar nigohi bilan koʻrish va zudlik bilan yechimini topish imkonini berdi. Sir emaski, soʻnggi oylarda nufuzli Oliy taʼlim muassasalarining talabalari tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi universitet tartib-qoidalari va intizomiga oid shikoyatlar, video murojaatlar bot-bot tarqalmoqda. Bu muammolar universitet tizimida talabaning murojaatlari oʻz vaqtida qanoatlantirilmaganligi oqibatidan yuzaga keladi. Ijtimoiy tarmoqdagi bitta murojaat butun boshli universitet imijiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Rahbariyat va talaba oʻrtasida turli qogʻozbozliklarning koʻpligi va muammoning aniq yechimi mavjud emasligi bu kabi noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bugungi kunda markazimizga bir kunda 200 dan ortiq talaba turli xil masalada murojaat qiladi.
Murojaatchi talabaning murojaati zudlik bilan qanoatlantiriladi. Shartnoma va toʻlov bilan bogʻliq muammolari boʻlsa, markazda bank filiali ham faoliyat koʻrsatib turibdi. Avvalgi tartib boʻyicha talaba biror masalaga oid murojaat bilan oʻz dekanatiga ariza yozar, ariza tegishli boʻlim va rahbariyat imzosini olguncha vaqt ketardi. Bu tizim markazlashgach, tizimli ravishda shu kunning oʻzida masalani yechish imkoniyati yaratildi. Rektorning komplayens botiga esa anonim usulda taʼlimdagi sifat tizimiga oid murojaatlar yoki korrupsiya holatlari mavjud boʻlsa talabalar, ota-onalar axborot berishi mumkin. Ammo bu kungacha korrupsiyaga oid murojaat kelib tushmadi. Sababi, universitetimizda markaz va komplayens telegram botining mavjudligi professor-oʻqituvchilar oʻrtasida ham oʻz ishiga va taʼlim sifatiga masʼuliyatni ikki karra oshiradi.
Mirabbos Mirxamidov
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti
Talabalarga xizmat koʻrsatish markazi rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Toshkentda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring