“Endi sogʻlom insonlar kabi mehnat qilaman”

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Mingbuloq tumanining Tollik mahallasida yashovchi Botirali Isoqboyev yaqin vaqtgacha jism-u joni sogʻ, shunga yarasha gʻayrati bilan roʻzgʻorini eplab kelayotgandi. Oʻttizga toʻlgan chogʻida birdan jigari bilan bogʻliq kasallik yopishdi. Sanoqli oylarda togʻni ursa talqon qiladigan yigit toʻshakka mixlandi. Xonadonidan baraka qochdi. Turmush oʻrtogʻining topgani osh-ovqat xarajatlaridan ortmasdi. Oʻshanda Botirali uchun barcha yoʻllar yopilgandek edi.
Tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tezda amaliy yordam berishini bildirganidan soʻng yelkasidan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Tabiiyki, markazga qilingan murojaat natijasi oʻzini koʻp kuttirmadi. Roʻyxatga olingan bemor va uning ehtiyojmand oilasini vaziyatdan chiqarish boʻyicha tezkor amaliy ish boshlandi. Botirali birdan shifoxonaga yotqizilib, davo kursini olishga muvaffaq boʻldi. U tegishli tekshirishlardan oʻtkazilib, ikkinchi guruh nogironligi belgilandi. Unga yordam tariqasida xonadon bekasi hududdagi fermer xoʻjaligiga ishga joylashtirilib, doimiy daromad manbai yaratildi. Besh yoshli Shohida imtiyozli tarbiyalanadigan kichkintoylar roʻyxatidan oʻrin oldi. Buzoqchasi bilan hovliga yetaklab kelingan sigir suti dasturxonni sut, qaymoqqa toʻldirdi. Hammasidan ham raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan xonadon tomiga oʻrnatib berilgan 10 kVt quvvatli quyosh panellari qurilmasi kutilmagan sovgʻa boʻldi.
— Ogʻir kunlar ortda qoldi, — deydi Botirali. — Nogironlik guruhiga oʻtkazilganimdan soʻng imtiyozli davolanib, bepul dori-darmon taʼminotidan foydalanyapman. Yaxshilik va beminnat yordamlar bilan yaxshigina oyoqqa turdim. Tomorqadagi ekinlarni chopib, sugʻorishga bemalol yarayotganimdan oilam ham xursand.
Aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli organ boʻlgan agentlik va uning joylardagi boʻgʻinlari tashkil etilishi negizida birinchi navbatda fuqarolarni davlat tomonidan manzilli himoyalashning professional tizimini joriy qilishdir.
— Yangicha ish yuritishga oʻtish yuzasidan ishlab chiqilgan meʼyoriy hujjatlarda 2023-yilning 15-oktyabridan tuman, shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va yordamlar koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi boshligʻi Ibrohim Xojiyev. — Bunda oʻzgarishlar dastlabki bosqichda 26 turdagi xizmatlarni koʻrsatishdan boshlangan boʻlsa, joriy yilda ular soni 103 taga yetkazildi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida ijtimoiy xizmat va yordamlarning pasportlari ishlab chiqildi. Viloyatda ijtimoiy himoya yangi tizimini joriy etish bilan bogʻliq tashkiliy, shuningdek, aholiga yuqori sifatli manzilli ijtimoiy xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, boshqarma hamda shahar, tumanlardagi markazlar tajribali xodimlar bilan taʼminlangan. Ular joyning oʻzida malakali xizmat koʻrsatib qolmay, ijtimoiy xodimlar orqali mahallalar, xonadonlargacha kirib bormoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda 2,7 milliondan ortiq nufuzga ega Namangan viloyatida 2899 nafar yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalar, 82945 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar, 72249 nafar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turuvchi fuqarolar, 1381 nafar tazyiq va zoʻravonlikka uchragan shaxslar, 706 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatilmoqda.
Ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish maqsadida Prezident qarori bilan respublikadagi 28 ta tuman va shaharda tajriba tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilishi belgilangandi. Namanganda birinchi boʻlib Kosonsoy tumanida shunday markaz ishga tushirildi. Zamonaviy binoda joylashgan muassasada mahallalarga majmuaviy xizmat koʻrsatuvchi 20 nafar malakali mutaxassis mehnat qilib kelmoqda. Ulardan biri ikkinchi guruh nogironi Javlon Abdullayev markazda mutaxassis lavozimiga qabul qilingan.
— Bu yerda ishlayotganimdan xursandman, — deydi “Jasorat” medali sohibi J. Abdullayev. — Jismoniy jihatdan imkoniyati cheklangan inson sifatida ayni toifadagi shaxslarning ichki dunyosi, dard-u tashvishlarini yurakdan his qilaman. Ularning hayotiy masalalari yechimida jon-u dilim bilan ishtirok etaman.
Ijtimoiy xizmat va yordam sohasidagi ishlarda mazkur toifadagi shaxslarga nafaqat moddiy va boshqa turdagi amaliy koʻmak koʻrsatish, balki ularning maʼnaviy ehtiyojlarini ham qamrab olish koʻzda tutilgan. Har haftaning jumasida yoʻlga qoʻyilgan “Mehr va saxovat kuni” tadbirlari oʻz samarasini bermoqda. Unda joylardagi ehtiyojmand oilalar, nogironlar va yolgʻiz keksalar holidan xabar olinib, xayriya yumushlari amalga oshiriladi. Hozirga qadar shu yoʻnalishdagi 260 dan ziyod tadbir davomida 5 mingdan koʻproq fuqaro sovgʻa-salomlar bilan yoʻqlanib, ularning koʻpchiligiga maxsus aravachalar, reabilitatsiya vositalari, oziq-ovqatlar toʻplami topshirildi. Bu orada keksa avlod vakillarining viloyatdagi tarixiy va manzarali joylarga sayohatlari uyushtirilmoqda. Keyingi paytlarda 11 mingdan ortiq nuroniylar shu imkoniyatdan foydalandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring