“Endi sogʻlom insonlar kabi mehnat qilaman”

16:00 10 Aprel 2025 Jamiyat
231 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Toʻraqoʻrgʻonlik Akbarali Abdullayev koʻkrak qafasida kuchli ogʻriq boʻlib, hansirash, holsizlik tinka-madorini quritganidan soʻng viloyat kardiologiya markaziga shoshildi. Chuqur tekshiruvlardan soʻng kasalligi jiddiyligi, jarrohlik amaliyotisiz tuzalmasligini aytishdi. Bemorni vahima bosdi. Yurak amaliyoti yengil ishmas. Qolaversa, katta xarajat talab qiladi. Oʻzi bir nafaqaga qaragan odam boʻlsa, buncha pulni qayerdan oladi? Shularni oʻylab tushkunlikka tushib turganda Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi borligidan xabar topdi. Mazkur sugʻurta jamgʻarmasi uning dardini eshitib, otaliqqa oladigan boʻlishdi. Tez kunlarda mohir jarrohlar stent qoʻyish amaliyotini bajarishgach, otaxonning dili halovat topdi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-sentyabrda “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani malakali davolanishga ehtiyojmand insonlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyatini kengaytirdi. Oʻtgan yilda Namangan viloyatida 519 nafar imtiyozli toifadagi bemorlarni ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari asosida davolash uchun jamgʻarma hisobidan 4 milliard 957 million soʻm mablagʻ ajratildi. Jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filialida 132 nafar bemorda murakkab yurak-qon tomir kasalliklari amaliyotlarini oʻtkazish bilan bogʻliq 2 milliard 540 million soʻmlik xarajat qoplab berildi. Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 189 fuqaroning operatsiyasi uchun 1,8 milliard soʻm sarflandi. “Doktor vision” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 616 million soʻm evaziga 195 nafar bemor koʻziga nur ato etishga qaratilgan noyob jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Joriy yilda birgina kardiologiya markazida bepul oʻtkazilgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari tufayli 56 nafar bemor salomatligini tikladi.

— Yigirma besh yil yurak xastaligidan azob chekdim, — deydi Raʼno Hosilova. – Shuncha yil tirikchilikdan ortib, oʻzimni davolatishga mablagʻ jamgʻarolmadim. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi anchagina qimmat turadigan jarrohlik amaliyoti xarajatlarini koʻtarganidan xursand boʻldim. Markazning qoʻli yengil shifokorlari tufayli sogʻlom hayotga qaytdim. Endi sogʻlom insonlar kabi mehnat qilaman.

Raʼno opadan xabar topgan Ahmadjon Latifboyev, Sevara Hamroqulova, Karima Ahmadaliyevalar ham oʻz sogʻligini tiklash maqsadida Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasiga murojaat qildi. Ular ham Davlat tibbiy sugʻurta xizmatidan foydalanib, tibbiy muassasadan toʻliq sogʻayib chiqib ketdilar.

— Viloyatimizda tibbiy sugʻurta tizimiga oʻtish ishlari davom etmoqda. 2021-yili Sirdaryoda tajriba-sinov sifatida boshlangan ushbu tizimni bosqichma-bosqich 2027-yilgacha butun mamlakatimiz boʻylab joriy etish rejalashtirilgan, — deydi jamgʻarmaning Namangan hududiy boʻlinmasi bosh mutaxassisi Muxtorjon Joʻraboyev. — Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini tasdiqlash va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalarini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taqdim etiladi. Hozirgi bosqichda boʻlinmamiz viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda Davlat tibbiy sugʻurta mexanizmlarini toʻlaqonli tatbiq etishning amaliy choralarini koʻrmoqda. Bugungi kunda biz bilan shartnoma asosida faoliyat olib borayotgan davolash-profilaktika muassasalari soni 18 taga yetkazildi. Mazkur faoliyat turini shahar va tuman shifoxonalarida joriy qilishga jadal tayyorgarlik olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash tizimining yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qilayotgan Davlat tibbiy sugʻurtasi qanchalab bemorlarni hayotga qaytarmoqda. Bu aholining tibbiy xizmatlarga ehtiyoji samarali taʼminlanishiga, odamlarni tibbiyotdan va bugungidan rozi yashashiga xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?