Endi ichki parvozlarga elektron hujjatlar orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin

21:19 01 Iyul 2025 Jamiyat
194 0

Oʻzbekistonda yoʻlovchilar ichki parvozlarga hujjatlarining elektron versiyasi yordamida roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, 1-iyuldan boshlab yoʻlovchilar mahalliy yoʻnalishlardagi parvozlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron variantidan foydalangan holda roʻyxatdan oʻtishlari mumkin boʻladi.

Bunda aeroportda roʻyxatdan oʻtishdan oldin yoʻlovchi my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga kirib, shaxsiy maʼlumotlar sahifasiga oʻtadi va elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni roʻyxatdan oʻtish joyidagi xodimga koʻrsatadi.

Taʼkidlanishicha, faqat my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi joriy maʼlumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi, shuning uchun roʻyxatdan oʻtish paytida shu kabi hujjatlarning nusxalari, fotosuratlari, pasport/IDʼning skanerlangan variantlari yoki shaxsiy maʼlumotlar boʻlgan veb-sayt sahifasining “skrinshot”lari qabul qilinmaydi.

Shuni ham qoʻshimcha qilish kerakki, bugundan boshlab «Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etildi.

Bunda my.gov.uz da ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.

Raqamli servislarning qogʻoz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni roʻyxatdan oʻtkazishda va Oʻzbekiston hududidan oʻtuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni koʻrsatish, shu jumladan, elektron xizmat koʻrsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер