Endi aholi yangi uy-joy uchun toʻlagan puliga kuyib qolmaydi

09:47 28 Mart 2025 Jamiyat
116 0

Uy-joy inson hayotining ajralmas qismi boʻlib, emin-erkin turmush kechirishi uchun eng qulay vosita hisoblanadi. Shu bois bugungi kunda aholining koʻpchilik qismi yangi uy-joy olish uchun qurilish tashkilotlariga oʻz mablagʻlarini taklif qilmoqda. Ular uyni qulayroq narxda sotib olish maqsadida qurilishni boshlagan kompaniyalarga pul mablagʻlarini investitsiya sifatida kiritishmoqda. Ushbu amaliyot, ayniqsa, poytaxtimizda va viloyatlar markazlarida keng miqyosda davom etmoqda.

Qurilish jarayoniga investitsiya (pul mablagʻlari) kiritilishi natijasida koʻplab fuqarolar nisbatan arzon va sifatli uy-joyga ega boʻlishayotir. Bu yaxshi, ammo fuqarolarning iqtisodiy huquq va manfaatlariga putur yetkazadigan qator muammolar ham yuzaga kelyapti. Baʼzi hollarda fuqarolarning qurilish tashkilotlariga aldanib qolayotgani ham (uy-joy uchun dastlabki summa oldindan toʻlangan, biroq uy-joy qurilishi amalga oshirilmagan) kuzatilmoqda. Qurilish obyektlarining belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmayotgani, barpo etilayotgan uy-joylar sifatining talablarga javob bermasligi, qurilish yakunlangandan keyin fuqarolardan ortiqcha toʻlovlar talab qilinishi kabi holatlar ham tez-tez uchrab turibdi.

Bu kabi muammolarning kelib chiqishiga qator omillar sabab boʻlmoqda. Aytish oʻrinliki, sohada toʻlov tizimining yetarlicha tartibga solinmaganligi, ulushdorlik shartnomalarining hech qayerda roʻyxatga olinmagani bois qurilish kompaniyasi va uy oluvchi fuqaro oʻrtasida nizo kelib chiqmoqda. Yangi uy olmoqchi boʻlgan fuqaro oʻz pulini bank orqali emas, toʻgʻridan-toʻgʻri qurilish tashkilotiga berayotgani, qolaversa, bu sohada raqamlashtirish va oshkoralikning yetarli darajada taʼminlanmayotgani ham masalani ancha chigallashtirmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 27-yanvarda qabul qilingan “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni yuqorida sanab oʻtilgan muammolarni bartaraf etishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Mazkur Farmonda qurilish sohasini takomillashtirish, shuningdek, ulushdorlarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan bir qator muhim chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Jumladan, 2025-yil 1-iyuldan boshlab ulushdorlarning pul mablagʻlari faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ulush kiritish shartnomasi asosida (keyingi oʻrinlarda — ulushli shartnoma) qurilishga jalb qilinishi, ulushli shartnoma davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab mazkur shartnoma boʻyicha ulushdorning talab etish huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga va ulushli shartnomani garov predmeti sifatida qabul qilishga ruxsat berilishi belgilandi. Shuningdek, uy-joy qurilishi oʻz vaqtida tugallanmagan va foydalanishga topshirilmagan taqdirda har bir kechikkan kun uchun quruvchi tomonidan ulushdorga qatʼiy belgilangan alohida jarimalar toʻlanishi joriy etiladi.

Shu bilan birga, mazkur Farmon bilan nazarda tutilayotgan muhim yangiliklardan biri, bu — qurilish sohasida “eskrou” tizimiga oʻtilishi belgilanayotgani boʻldi.

Ushbu tizimning mohiyati shundaki, ulushli shartnoma boʻyicha mablagʻlar ulushdor tomonidan quruvchi, ulushdor va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida vakolatli tijorat bankida ochilgan “eskrou” hisobvaragʻiga joylashtiriladi va deponentlanadi. Yaʼni pul mablagʻlari toʻgʻridan-toʻgʻri quruvchiga emas, balki bankda ochilgan maxsus “eskrou” hisobvaragʻiga oʻtkaziladi hamda ushbu pul mablagʻlari qurilish obyekti boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajargandan soʻng qurilish tashkilotiga oʻtkazib beriladi.

Taʼkidlash joizki, “eskrou” hisobvaragʻidan foydalanish dunyo davlatlari tajribasida oʻzini oqlagan samarali tizim boʻlib, bugungi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlari, xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozogʻiston, shuningdek, Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlari koʻchmas mulk oldi-sotdisida ushbu mexanizmdan faol foydalanib kelinmoqda.

Qurilish sohasida “eskrou” hisobvaragʻidan foydalanish taraflarning oʻz majburiyatlari bajarilishini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, uning joriy etilishi, oʻz navbatida, bugungi kunda amaliyotda uchrayotgan ulushdorlarning iqtisodiy huquq va manfaatlariga putur yetkazilishi bilan bogʻliq muammolarning oldini olishda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.

Mazkur tizimning yana bir ijobiy tomoni shundaki, “eskrou” hisobvaragʻidagi mablagʻlar kafolatlangan pul mablagʻlari boʻlib, ulushdorning yoki quruvchining uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari yuzasidan “eskrou” hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalar toʻxtatib turilishiga, undagi mablagʻlar xatlanishiga yoki hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, qurilish tashkiloti oʻz majburiyatlarini bajarmaganda yoki bankrot boʻlganda, ushbu mablagʻlar oʻz egalari (ulushdorlar)ga qaytarib beriladi. Bu esa, oʻz navbatida, ulushli qurilishda ishtirok etayotgan yoki qatnashmoqchi boʻlgan fuqarolarning mazkur jarayondagi huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishi borasidagi kafolatlarni kuchaytiradi.

Shuningdek, ushbu Farmon bilan uy-joy qurilishi sohasini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlangan boʻlib, unda uy-joy qurilishi sohasini takomillashtirish, ushbu jarayonning huquqiy asoslarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilandi.

Xususan, mazkur chora-tadbirlar dasturida “Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurishda ishtirok etish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini (2025-yil mart) ishlab chiqish hamda qurilayotgan koʻp kvartirali xonadonlarni ulushdorlarga oʻtkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini (2025-yil mart) ishlab chiqish kabi vazifalar belgilandi.

Aytish joizki, koʻp kvartirali uy-joylar qurilishida fuqarolarning ulush kiritish asosida ishtirok etishi va ushbu uylardagi xonadonlarni ulushdorlarga oʻtkazib berish tartibini belgilovchi maxsus normativ-huquqiy hujjat bugungi kunda mavjud emas. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik hujjatlarida, xususan, Uy-joy kodeksida va boshqa qonunosti hujjatlarida ushbu masalalar yetarlicha huquqiy tartibga solinmagan edi.

Endilikda mazkur huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi uy-joy qurilishi sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning aniq mexanizmlari belgilanishiga,

fuqarolarning uy-joylarga ega boʻlish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi va eng muhimi, mazkur jarayonda ulushdor boʻlgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, chora-tadbirlar dasturida koʻrsatilgan ushbu normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi amaldagi qator qonunchilik hujjatlariga ham tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni talab etadi.

Bugungi kunda yurtimizda qurilish sohasida, xususan, uy-joy qurilishi borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina oʻtgan yil davomida 100 mingdan ziyod xonadonga ega boʻlgan 2 150 ga yaqin koʻp qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada 40 mingdan ziyod oilalar yangi uy-joyli boʻldi. 2025-yilda esa 135 ming xonadonlarga ega koʻp qavatli shinam, koʻrkam va zamonaviy uy-joylar barpo etilishi koʻzda tutilgan.

Qahhor JUMAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti

yetakchi ilmiy xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер