“Elu yurt boʻlgaydir sinmas qanoting...”

22:34 04 Noyabr 2025 Jamiyat
298 0

IMTIHON

Sen Vatan haqida berma koʻp savol,

Lof urma Vatanning muhabbati deb.

Uni mansab kabi aylama xayol,

Yoxud maʼruzangga emasdir u zeb.

Vatan tanangdagi jondir, qondir bu,

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Bu ulugʻ sevgida ilohiylik bor,

Vatanni chin farzand faromush etmas.

Menga oʻz tuygʻumni oʻrgatma zinhor,

Inchunin, kibrning bozori oʻtmas.

Rost gapni yolgʻondan farqlar ondir bu,

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Asl qahramon kim yorugʻ dunyoda?

Gʻoyasin taʼmaga almashmagan zot.

Chugʻurchuq koʻpaysa haddan ziyoda,

Burgut boʻlib yashash oliy mukofot.

Qul ham yurtin sevsa shohdir, xondir bu,

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Garchi koʻhna zamin umum makondir,

Insonning har joyda yonsin chirogʻi.

Moʻjaz boʻlsa hamki, kulbang oshyondir,

Ona dargohidek uning quchogʻi.

Sen uchun poyonsiz kahkashondir bu,

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Azal musofirdir dunyoda odam,

Ruhim garchi sobit, muallaq tanim.

Bir umr qoʻyningda muqim tursam ham,

Sogʻinib yashadim seni, Vatanim.

Mehr bir, nafrat ham bir tomondir bu,

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Mayli suymasinlar meni gʻanimlar,

Yoʻlimni toʻssinlar raqiblar hatto.

Vatan har qayda ham mayoqdek imlar,

Gʻururim yuksalar samogacha to.

Hech kimga berguvsiz dovrugʻ, shondir bu,

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

BAYOT

Qoʻling ochiq ketma dunyodan, joʻra,

Bir oʻtov, toʻrt echki, mayli, bisoting.

Har kimga mingashib yurgandan koʻra,

Qirchangʻi esa-da boʻlsin oʻz oting.

Balki tortinchoqdir farzand — arjumand,

Doʻstlar ham koʻkdagi qushlarga monand.

Biri novvot boʻlsa, birovi-chi qand,

Ular bor — shirindir taxir hayoting.

Olis safarlarda yolgʻiz qolsang ham,

Umidsiz oʻylarni dilga solsang ham.

Madorsiz yiqilib, butkul tolsang ham,

Elu yurt boʻlgaydir sinmas qanoting.

Oʻkinma, lafzi yuq nomardni koʻrib,

Muttasil aldaydi yoningda turib.

Nodonlar yursalar davronin surib,

Chidaysan bariga, bordir saboting.

Sening boshqalardan farqing yoʻq aslo,

Cen ham bandadirsan bandalar aro.

Bir kun orzularing chorlasa ammo,

Boshlab borgʻusidir sheʼring — bayoting.

KUZ MANZARALARI

Yana dalalarga boshlaydi havas,

Bogʻlarda hazonlar yonadi lov-lov.

Doʻstlarim, bu kuzning barglari emas,

Mening yuragimdan toʻkilgan olov.

Shoxlarda mezonlar yaltirar xira,

Poyida shivirlar mening kuylarim.

Doʻstlarim, bular ham mezonmas sira,

Bu mening chuvalgan, soʻngsiz oʻylarim.

Quyosh ham falakda bamisli roʻyo,

U endi yondirmas, yaltirar faqat.

Doʻstlar, u ham endi quyoshmas aslo,

U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер