Ellarni ellarga, dillarni dillarga bogʻlagan sheʼriyat bayrami

12:04 28 Noyabr 2024 Madaniyat
842 0

Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda poytaxtimizda turkiy tilli mamlakatlar ijodkorlarini oʻzida jamlagan katta adabiyot bayrami — “XVI xalqaro turkiy sheʼriyat festivali” boʻlib oʻtmoqda.

Tadbirda qardosh oʻlkalardan tashrif buyurgan 40 nafardan ortiq yozuvchi-shoirlar, TURKSOY Yozarlar birligiga aʼzo adabiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, Toshkent shahri va viloyatlarda yashab, ijod qilayotgan bir guruh mezbon qalam sohiblari ishtirok etmoqda.

Qayd etish joizki, mazkur xalqaro anjuman 1992-yildan buyon oʻtkazib kelinadi va yurtimizda ilk bor tashkil etilmoqda. Festival shu paytgacha Turkiyaning Bursa va Koʻnya, Qozogʻistonning Olmaota, Turkmanistonning Ashxobod, Qibrisning Girna, Fransiyaning Strasburg, Makedoniyaning Uskub, Ozarbayjonning Boku, Kosovoning Prizren, Tataristonning Qozon, Qirgʻizistonning Bishkek, Qozogʻistonning Turkiston, Bolgariyaning Kirjaali shaharlarida boʻlib oʻtgan.

Ushbu sheʼriyat bayrami keng jugʻrofiy makonda turli lahjalarda yaratilayotgan boy turkiy adabiyotning umumiy tamoyillarini yaratish, adabiyot ahli oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, eng sara adabiy asarlarning turkiy tilli mamlakatlar tillariga tarjima qilinishini yanada yaxshilashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygani bilan diqqatga sazovor.

Ahamiyatli jihati shundaki, har bir festivalda hakamlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan ijodkorlar turkiy tilli mamlakatlarning taniqli shoir-yozuvchilari nomidagi “Zamonaviy turkiy adabiyotning eng yaxshi shoiri/yozuvchisi” degan mukofot bilan taqdirlanadi. Shu paytga qadar bir qator oʻzbek ijodkorlari ham ushbu mukofotga sazovor boʻlishgan.

Kecha azim Toshkentda festivalning ilk kuni start oldi. Erta-tongdan mehmon va mezbon ijodkorlar “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida boʻlib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi. Ular bogʻda sayru sayohat etish bilan birga yurtimizning uch ming yillik tarixi bilan yanada yaqindan tanishishdi. Shuningdek, Adiblar xiyoboniga qilingan sayohat ham ularda katta taassurot qoldirdi. Mamlakatimizda ijodkorlarni ruhlantirish, ular uchun zarur barcha sharoit hamda imkoniyatlarni yaratish, yosh ijodkorlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash borasidagi ezgu va xayrli ishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining anjumanlar zalida tadbirning tantanali ochilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Unda tadbir mutasaddilari, mehmon ijodkorlar soʻzga chiqib, ushbu festivalning ahamiyati haqida toʻxtaldi, xususan, adabiyot dillarni dillarga, ellarni ellarga bogʻlaydigan koʻprik ekani, bugun inja soʻz sanʼati orqali xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik yanada mustahkamlanayotgani taʼkidlandi.

Tadbir davomi mushoiraga ulandi. Har bir ijodkor oʻz tilida sheʼrlaridan oʻqidi, ulkan zalni toʻldirib oʻtirgan qatnashchilar sheʼriyatning sirli olamiga gʻarq boʻldi. Yakunda faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi, shuningdek, 3 nafar ishtirokchi sheʼriyat bayramining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Xususan, bu galgi mukofotlardan biri atoqli oʻzbek adibi Gʻafur Gʻulom nomi bilan atalgan.

Umuman olganda, 26 — 30-noyabr kunlari boʻlib oʻtayotgan ushbu XVI xalqaro turkiy sheʼriyat festivali ijodkorlarning oʻzaro fikr va tajriba almashishida muhim ahamiyat kasb etishiga shubha yoʻq.

Festivalning keyingi kunlari ham qizgʻin ruhda oʻtadi, albatta. Alalxusus, uning doirasida hali bir-biridan qiziqarli adabiy anjumanlar, davra suhbatlari, mushoiralar, taqdimotlar, maʼrifiy muloqotlar oʻtkazilishi, mehmonlarni yurtimizning diqqatga sazovor joylari va qadamjolariga sayohati uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Soʻz — tadbir ishtirokchilariga

Muso Qozim ARITSAN,

Turkiya Yozarlar birligi raisi:

— Turkiy tilning ulugʻ shoiri, maʼrifat va maʼnaviyat xazinaboni Hazrat Alisher Navoiy yurtidagi sheʼriyat bayramida ishtirok etayotganimdan behad mamnunman va gʻururlanaman ham.

Sheʼriyat inson qalbidagi tuygʻularning eng goʻzal ifodasidir. Bugun bizni sheʼr ishqi, ijod qilish va doʻstlashish zavqi bir joyga toʻplagani, bir-birimizga yuzma-yuz qilgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Xalqaro miqyosda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev adabiyot, maʼnaviyat va maʼrifat homiysi, ezgulik, tinchlik, omonlik tarafdori sifatida eʼtirof etilayotgani bejiz emas. Bugun bunga Toshkentda turib, yurtingizdagi adabiy muhit, ijodkorlarga davlat rahbari tomonidan yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishib shaxsan guvoh boʻlmoqdaman. Oʻzbek ijodkorlari bilan tanishib olayotgan olam-olam hayratlarimning oʻzi alohida mavzu.

Shunday eʼtibor, mehr-muhabbat uchun qardosh oʻzbek xalqiga minnatdorlik bildiraman. Doʻstligimiz abadiy boʻlsin!

Ulugʻbek ESHDAVLAT,

TURKSOY Yozarlar birligi raisi, shoir (Qozogʻiston):

— Dunyoda yaqinlar, doʻstu birodarlar diydoridan ham yaxshiroq, goʻzalroq va mazmunliroq narsa boʻlmasa kerak. Shu maʼnoda, bugungi sheʼriyat bayramini bir-birini sogʻingan, talpingan turkiy oʻlkalar qalam sohiblarining ijodiy diydorlashuvi, desak, mubolagʻa emas.

Unutmaslik lozimki, ajdodlarimiz asriy maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy rishtalar bilan oʻzaro bogʻlangan. Bu mushtaraklikni, ildizlarimiz naqadar koʻhnaligini xalqlarimizning ulugʻ ijodkorlari asarlarida yaqqol koʻrish mumkin. Bugun tarixan saqlanib kelayotgan qardoshlik rishtalari yangi davrga qadam qoʻymoqda, bunda shunday adabiy tadbirlarning oʻrni beqiyos, albatta.

Oʻzbek ijodkorlari, ogʻa-inilarimizga katta rahmat. Ularning samimiyligi, mehmondoʻstligi, bagʻrikengligiga koʻz tegmasin. Qardoshlarimizni oʻz yurtimizda ham kutamiz, albatta keling, qoʻnogʻimiz boʻling!

Nigor ORIF,

shoir (Ozarbayjon):

— Men ilk bor Oʻzbekistonda boʻlmoqdaman, biroq, toʻgʻrisini aytaman, oʻzimni bu yerga hech begona his qilganim yoʻq. Oʻzbek birodarlarimiz mehriyu muhabbati yuzida balqib turadigan, mehmonga oʻzgacha izzat koʻrsatadigan, xuddi yuz yillik qadrdonlardek suhbatlashadigan ajoyib insonlar ekan.

Albatta, ushbu sheʼriyat bayrami mamlakatlarimiz oʻrtasidagi adabiy aloqalar rivoji yoʻlida katta ahamiyatga molik, chunki u orqali bir-birimizni yanada yaqindan taniymiz, ijodimizga quloq tutamiz, kelajakdagi hamkorliklar borasida fikrlashamiz. Bu boradagi ishlar allaqachonlar boshlanib boʻlgan, dersiz, biroq ishoningki, endi u yanada rivojlanadi, yangi ufqlar sari yuz tutadi.

Kun kelib Toshkentda oʻtgan damlarimiz, ushbu nufuzli anjuman bergan hissiyotlar yangi asarlar, sheʼru dostonlarga ilhom boʻlsa ne ajab?! Zero, ijodkor qalbi mehr koʻrgan joyini qumsayveradi, uni soʻzga soladi, qogʻozga tushiradi. Adabiyot, sheʼriyat bizni hamisha birlashishga daʼvat etib tursin!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер