Elektr energiyasidan foydalanishda “Uchkoʻprik tajribasi”

11:51 05 Fevral 2025 Jamiyat
198 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 11-sentyabrdagi “Energetika sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida soha faoliyatini jahon andozalari hamda zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish koʻzda tutilgan.

Uchkoʻprik tumani elektr taʼminoti korxonasida barcha tuman va shahar elektr taʼminoti korxonasi masʼullari, mahalla faollari ishtirokida podstansiyalar, yuqori va past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlarida texnologik yoʻqotishlarni kamaytirish, noqonuniy foydalanish holatlariga barham berish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

— Bu borada “Uchkoʻprik tajribasi”ni yaratish maqsad qilingan, — dedi “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bosh direktori Azizbek Saydaliyev.—Xususan, yangi tajriba doirasida tumanga kirib kelayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻidan tortib, mansublik chegarasigacha boʻlgan barcha tarmoq va qurilmalar qamrab olinadi. “ASKUE” tizimidan olingan dastlabki tahlillarga asosan hududlarda tashkiliy va texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Tajribadan asosiy koʻzlangan maqsad – aholi hamda tadbirkorlik subyektlarini sifatli, barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash va elektr energiyasini yetkazib berishda samaradorlikka erishishdan iborat. Uchkoʻprik tumanida “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning barcha shahar va tumanlaridan jalb etilgan 300 nafardan ziyod malakali mutaxassislardan tashkil topgan 40 dan ortiq brigadalar faoliyat olib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?