“El boʻl endi, el vaqting boʻldi...”

19:36 14 Fevral 2024 Madaniyat
228 0

14-fevral — Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon tugʻilgan kun

El deb, elim deb yashagan inson hech qachon unutilmaydi, albatta. Butun umr xalq dardiyu tashvishi bilan yashagan ana shunday insonlardan biri — oʻzbek adabiyotining taniqli vakili, shoir Omon Matjon bugun hayot boʻlganida 81 yoshga toʻlardi.

Biroq, donolar aytganidek, jism umri oʻtkinchi, yurak va undan qolgan soʻz umri abadiydir. Omon Matjon soʻzi, otashin sheʼrlari bilan bugun xalqimiz qalbida yashayotgani ham buning yaqqol dalilidir.

 

* * *

Charx avzoyi bu dam avvalgilargʻa oʻxshamas,
Kotibu davru raqam avvalgilargʻa oʻxshamas,
Endi inson qadri ham avvalgilargʻa oʻxshamas,
Koʻnglum ichra dardu gʻam avvalgilargʻa oʻxshamas,
Kim ul oyning hajri ham avvalgilargʻa oʻxshamas.


Ne uchar yulduzlar oʻtdi chalgʻitib elni juda,
Necha avlod yoʻli-yu umidin aylab behuda,
Davr mezoni bilan tortay bu kun oʻzimni-da,
Ne sitamkim qilsa rahm maxfiy erdi zimnida,
Emdi qilsa ne sitam avvalgilargʻa oʻxshamas.


Bul Jahon tun birla tong bahs etar bir hujrakim,
Voh, quyosh savdosigʻa shamlar nechuk boʻldi hakim,
Ishq, bu — oʻz umrim, anga nechuk qasamlar ichmakim,
Demangiz Shirinu Layli oncha bor ishq ichrakim,
Xoʻblikda ul sanam avvalgilargʻa oʻxshamas.


Qay kishikim bir ulugʻ ishga etibdi jon nisor,
Shiddati pastu baland kelganda ham boʻlmaydi or,
Ey falak, hech kimni etma besamar yoʻllarda xor,
Javridin erdi alamlar, emdi tutmish oʻzga yor,
Oʻlmishamkim, bu alam avvalgilargʻa oʻxshamas.


Ona Sharq tojin kiyur! Zulmatda ushlatmang meni,
Bodayi haq mastiman, yolgʻonga uygʻatmang meni,
Oʻz xayolimgʻa qoʻying, oʻzgaga ishlatmang meni,
Ishq aro Farhod ila Majnungʻa oʻxshatmang meni,
Kim bu rasvoyi dajam avvalgilargʻa oʻxshamas.


Har kima har xil yozur Arsh Mirzosi sana,
Aylanur oyina bu, hech bitta ish topmas pana,
Nafs ipiga bogʻlidur ruh iplarin uzgan tana,
Koʻyining ehromidan koʻnglimni man etmang yana,
Kim anga azmi haram avvalgilargʻa oʻxshamas.


Soʻkmak oʻtganlar ishin notavonlar rasmikim,
Oʻz zamonin rost etar qavmi marddir asli kim,
Shu hayot tilsimlarin ochmoq omonlar kasbikim,
Ey Navoiy qilma Jamshidu Faridun vasfikim,
Shoh Gʻoziyga karam avvalgilargʻa oʻxshamas.


UMR OʻTAR


Umr oʻtar, vaqt oʻtar,
Xonlar oʻtar, taxt oʻtar,
Omad oʻtar, baxt oʻtar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.


Bahorda bogʻ na goʻzal,
Qor tushsa togʻ na goʻzal,
Bu yoshlik chogʻ na goʻzal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Soʻzsiz qarashlaring, holim soʻrashlaring.


Oy chiqar goh zaholi,
Doʻstlar koʻpdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin soʻzlashlaring, pinhon izlashlaring.


Umr — yoʻl, qayrilish koʻp,
Uchrashish, ayriliq koʻp,
Unutish, aytilish koʻp,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Oʻsha kulishlaring, oʻsha kelishlaring…


* * *


Ochil, ey gul, gul vaqting boʻldi,
Uygʻon, ey dil, dil vaqting boʻldi.


Yetar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting boʻldi.


Oʻz haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting boʻldi.


Noming aziz, oʻzingga bek boʻl,
El boʻl endi, el vaqting boʻldi.


Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting boʻldi.


Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting boʻldi.


Oʻzbekiston, falak burjiga
Yuragingni il, vaqting boʻldi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер