Ekologik muammolar qurshovida qolgan shahar

04:25 11 Yanvar 2019 Jamiyat
2965 0

Illyustrativ foto

Havo harorati pasaygan shu kunlarda Angren shahri issiqlik tarmoqlarining ichki taqsimlovchi quvurlari eskirgani sababli aholi xonadonlari hamda tashkilotlarning issiqlik taʼminoti yetarli darajada boʻlmayapti. Shahardagi 980 ta koʻp qavatli uydan 634 tasi markazlashgan issiqlik taʼminotiga ulangan. Ammo yetkazib berilayotgan issiq suvning harorati belgilangan meʼyordan juda past boʻlgani bois aholi, ayniqsa, bolalar oʻrtasida turli kasalliklar koʻpaygan. Qolgan 346 ta koʻp qavatli uy umuman tarmoqqa ulanmagan. Natijada odamlar xonadonlarni oʻz imkonidan kelib chiqib isitishga majbur boʻlyapti.

Muammoning sabablari va uni hal etish yoʻllari tahlili xalq deputatlari Angren shahar Kengashi sessiyasida muhokama qilindi. Hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan hududda oʻtkazilgan oʻrganish natijalari oʻrtaga tashlandi.

Muammoga sabab nima? Avvalo, shahar kommunal xoʻjaligida hanuzgacha qoʻllanib kelinayotgan eskicha yondashuvlar, sohada yillar mobaynida toʻplanib qolgan masalalar qish kunlarida koʻzga yaqqol tashlanyapti.

Vaziyatni oʻzgartirish uchun issiqlik taʼminotining markazlashgan tizimidan bosqichma-bosqich voz kechib, zamonaviy lokal texnologiyalarga oʻtish lozim. Buning uchun esa katta mablagʻ talab etiladi. Sessiyada bu masalani joriy yilgi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va investitsiya dasturlariga kiritish zarurligi taklif qilindi.

Yana bir ogʻriqli masala — shahardagi ekologik holat, ayniqsa, atmosfera havosining ifloslanishi bilan bogʻliq. “Angren IES” AJ minoralaridan chiqayotgan tutunsifat kul-qurum chiqindilari shahar ustiga yogʻilib, aholi salomatligiga zarar yetkazyapti. Natijada odamlar orasida bir qator kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, inshoot yaqinida joylashgan Gurum mahallasi ahli yuzaga kelgan holatdan juda koʻp aziyat chekmoqda.

Issiqlik stansiyasidagi mavjud elektr filtrlar qayta-qayta joriy taʼmirlanishi va hozirgi kunda yaroqsiz holga kelgani muammoga sabab boʻlyapti. Yigʻilishda inshoot rahbariyati korxonada atrof-muhitga yetkazilayotgan zararni bartaraf etish choralarini zudlik bilan koʻrishi, shu jumladan, tegishli modernizatsiyalash ishlarini olib borishi zarurligi aytib oʻtildi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Rahmatilla ShЕRALIYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер