Eh, tinib-tinchimas otaxonlar — fargʻonalik bir guruh nuroniylar velosipedda Samarqandga yoʻl olishdi

21:15 31 Mart 2021 Sport
990 0

Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida velosport juda ham rivojlangan boʻlib, bu borada tumanda oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan.

Ayni kunlarda Karim Hakimov tumanda velosport anʼanalarini izchil davom ettirish uchun bir guruh sport faxriylari bilan birgalikda ezgu tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Shu yilning 30-mart — 9-aprel kunlari velomarafon uyushtirishni maqsad qilgan Qoʻshtepa tumanida yashovchi 30 nafarga yaqin nuroniy yoshdagi otaxonlar velosipedda mamlakatimiz boʻylab sayohatga chiqishdi. Ular Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan oʻtib, tarixiy Samarqand shahriga yetib borishni rejalashtirishgan.

Velomarafon ishtirokchilari orasida 79 yoshli Mamat Karimov, 78 yoshli Meliqoʻzi Naziraliyevlar ham bor. Faxriy sportchilar qatorida Muhammadyusuf Oxunov va Zokirali Latipov singari yangi avlod vakillari ham safarga chiqqani tumanda ushbu sport turi izchil davom etishidan dalolat beradi.

— Qariyb yarim asrdan buyon velosport bilan shugʻullanaman, — deydi 73 yoshli Karimjon Hakimov. — Qoʻshtepada mazkur sport turi boʻyicha erishilgan natijalar juda ham quvonarlidir. Ishonamizki, kelajakda yurtimiz yoshlarida orasida xalqaro miqyosda ulkan natijalarga erishadigan velomarafonchilar yetishib chiqadi.

Bu safardan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, hamyurtlarimizni sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishga qiziqtirishga qaratilgan.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?