Dzyudo: hamyurtimiz Abu-Dabi “Katta Dubulgʻa” turnirida kumush medalga sazovor boʻldi
Shu kunlarda BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida dzyudo boʻyicha “Katta Dubulgʻa” turkumiga kiruvchi nufuzli turnir boʻlib oʻtmoqda.
Unda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham medallar uchun bahs olib borishyapti.
Musobaqaning ikkinchi kungi bahslarida uch nafar vakilimiz tatamiga chiqishdi. Afsuski, -81 kg. vazn toifasidagi dzyudochimiz Suhrob Tursunov ilk uchrashuvdayoq magʻlubiyatga uchrab, oʻz ishtirokini erta yakunladi.
Xuddi shu vazn toifasidagi yana bir dzyudochimiz Arslonbek Tojiyev esa 5-oʻrinni egalladi. U ilk bosqichda Saudiya Arabistoni vakili Muhammad Al Harbi ustidan ippon bahosi bilan gʻalaba qozondi. Tojiyev polshalik Pavel Drzimalni ham magʻlubiyatga uchratgach, bronza medali uchun kechgan bahsda rossiyalik Aslan Lappinagovga imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa hamyurtimiz bronza medalidan quruq qoldi.
-73 kg. vazn toifasida tajribali dzyudochimiz Hikmatilloh Toʻrayev musobaqaning kumush medali bilan taqdirlandi. Hikmatilloh musobaqadagi ishtirokini ikkinchi davradan boshladi va saudiyalik Abdulloh Hamadni ippon bahosi bilan taslim qildi.
Hamyurtimiz chorak finalda tojikistonlik Somon Mahmadbekovni ham ippon bahosi bilan magʻlub etdi. Toʻrayev final chiptasi uchun kechgan bellashuvda “London-2012” Olimpiadasining oltin, “Rio-2016”da kumush hamda “Tokio-2020” Olimpiya oʻyinlarida bronza medaliga sazovor boʻlgan gruziyalik Lasha Shavdatuashvilidan ustun keldi. Bahs deyarli 10 daqiqa davom etdi.
Biroq, H.Toʻrayev oltin medal uchun kechgan final bahsida moʻgʻulistonlik Tsogtbaatar Tsend-Ochirga imkoniyatni boy berdi. Natijada hamyurtimiz Abu-Dabi “Katta Dubulgʻa” turnirining kumush medali hamda 700 reyting ochkosiga ega boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring