Dushanbeda Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Fotoreportaj

16:10 17 Aprel 2024 Siyosat
278 0

Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Joriy yilning 17 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya biznes-forumida ishtirok etdi.

Tadbirni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjaev hamraislik qildi. Forumda, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 600 dan ortiq vakillari, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari ishtirok etdi.

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar oshib, 2023-yilda 750 million dollarga yetdi, yil boshidan esa yana 40%ga oshdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat iqtisodiyoti salohiyatini hisobga olgan holda, yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi ulkan maqsadlar e’lon qilindi.

Investitsiyaviy hamkorlik sohasida salmoqli natijalar kuzatilmoqda – bugungi kunda ikki davlat hududida 370 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, vaholanki, 2017-yilda ularning soni atigi 17 tani tashkil etgan edi.

Xo‘janddagi “Zelal-tex” ip-kalava va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi hamda Dushanbe shahridagi “Artel” maishiy texnika ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli loyihalar qatoridan joy olgan. “Oybek-Fotexobod” chegara punkti va “Andarxon” savdo-logistika markazida savdo zonasini tashkil etish, Tojikistonning Zarafshon daryosida ikkita GES qurish kabi salmoqli qo‘shma loyihalarning amalga oshirish ishlari faol olib borilmoqda.

Hamkorlikda ishlash va qoʻllab-quvvatlash tajribasiga asoslanib, munosabatlarni rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlari, xususan: metallurgiya va togʻ-kon sanoati, mineral-xom ashyo resurslarini oʻzlashtirish va qayta ishlash, shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish, gidroenergetika, mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, agrosanoat kompleksi va yengil sanoat kabi sohalar belgilab olindi. Mamlakat hukumati yangi sarmoyaviy loyihalarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga to‘liq tayyor ekanligi bildirildi.

O‘z navbatida, Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda ham savdo, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini yuqori baholadi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini faol hamkorlik qilishga, sheriklik aloqalarini o‘rnatishga chaqirdi.

Oʻzbekiston-Tojikiston sarmoyaviy kompaniyasining roli alohida taʼkidlandi, uning resurslaridan foydalanish uchun umumiy qiymati 135 million dollar boʻlgan 14 ta loyiha roʻyxati shakllantirildi. Biznes-forum yakunlari bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolandi, ular asosida har bir loyihani amalga oshirishning aniq ijrochilari va muddatlarini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?