Durang bilan tugagan oʻyinda ikki jamoa “gʻalaba qozondi”

22:04 11 Avgust 2025 Sport
276 0

Kecha Toshkent viloyatida joylashgan “Doʻstlik” stadionida 20 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati musobaqasi saralashining G guruhida bahslar yakunlandi.

Soʻnggi turda Vladimir Panov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi Iordaniya terma jamoasi bilan kuch sinashdi.

Reglamentga koʻra, Osiyo kubogining final bosqichiga oʻz guruhida gʻalaba qozongan 8 ta jamoa va eng yaxshi natijaga ega 3 ta 2-oʻrin sohiblari chiqishadi. Soʻnggi tur oldidan Iordaniya U-20 qizlar termasi ham, Oʻzbekiston U-20 qizlar jamoasi ham 6 tadan ochko bor edi. Lekin 2 ta oʻyinda 16 ta toʻp kiritib, oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan termamiz, aynan shu koʻrsatkichga koʻra guruhda 1-oʻrinda turardi.

Demak, soʻnggi turda Iordaniyani gʻalaba, termamizni esa durang va gʻalaba qanoatlantirar edi. Lekin oʻyin oldidan boshqa guruhlardan eng koʻp ochko toʻplagan 2-oʻrin sohiblari 6 tadan ballga ega boʻlishgani maʼlum boʻldi. Bu degani Oʻzbekiston U-20 va Iordaniya U-20 terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda durang qayd etilishi, ikki jamoani ham keyingi bosqichga chiqishini anglatardi. Amalda ham shunday boʻldi.

Oʻyinning 42-daqiqasida iordaniyalik futbolchi Al-Zurikat uzoq masofadan chiroyli gol urib, hisobni ochdi. 45+3 daqiqada esa Diyora Baxtiyorova burchakdan uzatilgan toʻpni raqib darvozasiga yoʻllab hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi taymning 61-daqiqasida arablar ikkinchi golini urdi. Bu golga Asalxon Aminjonova va Mehribon Egamberdiyeva chiroyli goʻllari bilan javob qaytarishdi.

Endi hamma gʻalabani nishonlayman deb turgan payt iordaniyalik futbolchi muvozanatni tikladi. Shu tariqa bahs 3:3 hisobi bilan yakunlandi. Shu tariqa har ikki jamoa Osiyo kubogi masalasini ijobiy hal etdi.

Oʻyindan keyin birdaniga har ikki jamoa vakillari stadionga yugurib chiqib gʻalabani nishonlab ketishdi. Bunaqasi futbolda kamdan-kam boʻladigan holat edi.

Oʻyindan keyin terma jamoamizning qator futbolchilari “Xalq soʻzi” nashriyoti uchun intervyu berdi.

“Oʻyin juda qiyin oʻtdi. Birinchi taymda yaxshi oʻynay olmadik. Ikkinchi taymda oʻzimizga kelib, oʻyin taqdirini hal eta oldik. Osiyo kubogiga chiqqanimizdan xursandmiz. Nasib etsa Jahon chempionatiga ham chiqamiz”, — deb aytib oʻtdi terma jamoamiz himoyachisi Meruyert Rahmatullayeva.

“Bugun bizga qoʻllab-quvvatlagan barchaga rahmat aytaman. Oʻyin qiyin oʻtdi. Biroq muxlislarning chorlovi bilan oʻyinda kerakli natijaga erisha oldik. Bu oʻyinda gol urib, jamoaga yordam berishni juda xohlagan edim. Mana, Osiyo chempionatiga chiqib oldik. Endi Jahon chempionati sari harakat qilamiz”, — dedi uchinchi gol muallifi Mehribon Egamberdiyeva.

“Qiyin oʻyin oʻtkazdik. Oʻtgan oʻyinda kichik jarohatim sabab oʻynamagan edim. Bugun maydonga tushdim. Jamoalar kuchi deyarli teng edi. Shu sabab juda qiziq oʻyin boʻldi. Biz ikkinchi oʻrin bilan ham musobaqaga chiqishimiz aniq ekanini bilardik. Ammo shunday boʻlsa ham birinchi oʻringa harakat qildik va aynan birinchi oʻrin bilan musobaqaga yoʻl olmoqdamiz. Bundan juda xursandman”, — deb taʼkidladi ikkinchi taymda oʻyinga qoʻshilgan Oydinoy Turgunova.

Eslatib oʻtamiz, U-20 Osiyo chempionati kelgusi yilning 1–18-aprel kunlari Tailand mamlakatida boʻlib oʻtadi. Ushbu turnirda kuchli toʻrtlik oʻrin olgan jamoalar Polshada boʻlib oʻtadigan U-20 Jahon chempionatiga yoʻl olishadi.

Muhammadamin Zuxriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер