Dunyoni munavvar etgan taʼlimot
Foto: “Xalq soʻzi”
Jahon ilm – fani, madaniyati, maʼnaviyati taraqqiyotiga juda katta hissa qoʻshgan Abu Ali ibn Sinoning oʻlmas taʼlimoti asrlar osha avlodlar eʼzozida boʻlib kelmoqda. Buyuk ajdodimizdan qolgan meros —ulkan maʼnaviy boylikni esa olmosga mengzash mumkin. Oʻqib – oʻrgangan sayin uning yangidan yangi qirralari namoyon boʻladi. Shu nuqtai nazardan ulugʻ alloma tugʻilib oʻsgan Buxoroda “XII xalqaro Ibn Sino oʻqishlari” ilmiy – maʼrifiy anjumanining oʻtkazilayotgani maʼnaviy hayotimizdagi ulkan voqeadir.

Viloyat hokimligi, respublika sogʻliqni saqlash vazirligi, Ibn Sino jamoat fondi, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan bu galgi tadbirda mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari qatorida AQSH, Turkiya, Eron, Rossiya, Janubiy Koreya kabi dunyoning yigirmata davlatidan kelgan tibbiyot sohasining zabardast olimlari, sinoshunos ziyolilar ishtirok etishmoqda.

— Ibn Sino taʼlimotining magʻzida falsafa yotibdi,-—deydi Tehron universitetida faoliyat olib borayotgan olima Fotima Muhammad.— Bu taʼlimot dunyoni quyosh yangligʻ munavvar etib turibdi, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Tibbiyot, falsafa, qolaversa, islom tamadduniga benihoya katta hissa qoʻshgan bu ajdodingiz bilan har qancha faxrlansangiz arziydi. Biz yurtingizda Ibn Sinoning boy maʼnaviy merosini oʻqib – oʻrganishga, uning nomini ardoqlashga juda katta eʼtibor qaratilayotganidan xursandmiz.
Xalqaro Ibn Sino oʻqishlari ilmiy – amaliy anjumanining anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgani ham yuqoridagi fikr tasdigʻidir. Oʻn ikkinchi bor tashkil etilgan bu galgi nufuzli tadbir ishtirokchilari buyuk bobokalonimiz tugʻilgan Afshona qishlogʻiga sayohat qilib, bu yerdagi Abu Ali ibn Sino haykali poyiga gullar qoʻyishdi. Alloma nomidagi muzeyda boʻlishdi. Buxoro davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan koʻrgazma va mazkur oʻquv yurtining zamonaviy kompusi bilan tanishuv ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

— Anjuman doirasida xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanmoqda,— deydi Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov. —Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati bilan hamkorlikda suratga olingan ulugʻ ajdodimiz hayoti va faoliyatiga oid hujjatli filmi namoyish etildi.
Tadbirda ulugʻ alloma merosining fan va sivilizatsiya rivojidagi oʻrni, uning aniq fanlar ravnaqidagi ahamiyati, xalq tabobati kabi ilmiy yoʻnalishlarda qator maʼruzalar tinglandi. Ibn Sino oʻqishlari doirasida xalqaro forumlar, davra suhbatlari oʻtkazildi. “Abu Ali ibn Sino: qoʻlyozmalar – ilm – fan va hayot”, oʻzbek – turk ilmiy forumi, Oʻzbekiston – Eron olimlari davra suhbati shular jumlasidandir.
Tib ilmining sultoni Ibn Sino nafaqat zamondoshlari, balki kelajak avlodga qarata “Tana farovonligi va insoniyatning omon qolishi uchun hamkorlik qiling”, deya daʼvat etgan edi. Chindan ham dunyo xalqlarining farovon turmush kechirishi bevosita sihat — salomatlik bilan chambarchas bogʻliq. Anjuman esa yurtimiz hamda jahon olimlari-yu tadqiqotchilariga Ibn Sinoning boy ilmiy va maʼnaviy merosini chuqur oʻrganishga turtki vazifasini oʻtashi bilan ahamiyatli boʻldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring