Dunyoda COVID-19 bilan kasallanish yana ortib bormoqda. JSST jiddiy tashvishda

18:05 11 Avgust 2023 Dunyo
5177 0

Foto: China Daily

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 bilan kasallanishning ortishi sababli epidemiologik nazoratni kuchaytirishni tavsiya qilmoqda.

Dunyo mamlakatlari COVID-19 bilan kasallanishning ortishi va EG.5 “Omikron” shtammi variantining tarqalishi munosabati bilan epidemiologik nazoratni kuchaytirishi kerak. Bu haqda JSST rasmiy vakili Kristian Lindmayer Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda maʼlum qildi.

“Epidemiologik kuzatuvni olib borish muhim. Mamlakatlar kuzatuv va hisobot berishni sezilarli darajada zaiflashtirdi “, dedi Lindmayer.

Uning qoʻshimcha qilishicha, agar nima sodir boʻlayotgani haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlinmasa, keyin qanday harakat qilish imkonsiz boʻladi.

Uning soʻzlariga koʻra, JSST mamlakatlarni koʻproq kuzatuvlar oʻtkazishga va monitoring natijalari haqida koʻproq muloqot qilishga undaydi.

Avvalroq, JSST bir oy ichida dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni deyarli ikki baravar, yaʼni 80 foizga oshgani haqida xabar bergan edi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, 10-iyuldan 6-avgustgacha infeksiyalar soni deyarli 1,5 millionni, vafot etganlar esa 2,5 ming kishini tashkil etgan. Bungacha tashkilot EG.5 dunyo boʻylab tez tarqalayotgani haqida xabar bergan edi.

Mazkur mutatsiya ilk bor shu yilning mart oyida Hindistonda aniqlangan edi. Bir oy avval esa u Buyuk Britaniyada ham qayd etildi.

Hozir har ikki mamlakatda EG.5.1ni yuqtirganlar soni ortib bormoqda. Jumladan, Hindistonda bu mutatsiya bilan xastalangan bemorlar soni 1500 nafardan oshib ketdi.

Buyuk Britaniyada esa iyul oyi birinchi yarmida COVID-19 tashxisi qoʻyilganlarning taxminan 11,8 foizida ushbu mutatsiya aniqlangan. Avgust oyidagi maʼlumotlar bu koʻrsatkich 14,6 foizga oshgan.

JSST ekspertlari virusni yuqtirganlar soni jadal oʻsishi mumkinligidan xavotirda. Bu dunyodagi epidemiologik vaziyatga jiddiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

“Omikron” shtammining subvarianti hisoblangan EG.5.1 aksariyat hollarda burun oqishi, bosh va tomoq ogʻrigʻi, aksirish hamda holsizlik kabi alomatlar bilan namoyon boʻlmoqda. Hozircha yangi mutatsiyaning yuquvchanlik darajasi va asoratlari haqida yakuniy xulosalar yoʻq.

Buyuk Britaniyada esa ushbu mutatsiyani yuqtirish tufayli shifoxonada yotib davolanuvchilar soni ortgan. Shundan kelib chiqqan holda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti EG.5.1 ni kuzatuv ostiga olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер