“Dunyo sadolari” oʻzbek hunarmandlarini jahonga tanitmoqda

14:27 31 Iyul 2024 Jamiyat
98 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro festivali davom etmoqda. Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bogʻida tashkil etilgan hunarmandlar koʻrgazmasi mehmonlar bilan gavjum.

Koʻrgazmada 50 nafardan ortiq hunarmandlar oʻzlarining yuzdan ortiq turli mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ular tomonidan tayyorlangan milliy kiyimlar, qoʻgʻirchoqlar, kulolchilik buyumlari, temirchilik mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

— “Dunyo sadolari” festivali, nafaqat, madaniyat va sayyohlik yoʻnalishlari, balki, hunarmandchilikning rivojlanishiga ham katta hissa qoʻshmoqda, — deydi Paxtaobod tumanilik hunarmand Feruzaxon Rejabaliyeva. — Men yasagan milliy qoʻgʻirchoqlarni bir kunda minglab hamyurtlarimizdan tashqari, Pokiston, Hindiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Armaniston kabi davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ham xarid qilishdi. Eng muhimi, ular suhbat davomida boshqa mamlakatlarda bu kabi mahsulotlarni tayyorlash uslublari haqida maʼlumot berdi. Bu kelgusida oʻz faoliyatimizni yanada shakllantirishga turtki boʻldi.

Feruzaxon Rejabaliyeva 13-yildirki, milliy qoʻgʻirchoqlar yasash bilan shugʻullanadi. Shu hunari ortidan yana ikki nafar oila aʼzolarini doimiy daromad manbaiga ega qilgan. Hozirda bir oyda oʻrtacha 350-400 dona mahsulot tayyorlaydi. Oylik daromadi 4,5-5 million soʻmdan iborat. “Dunyo sadolari” festivali doirasida boʻlib oʻtayotgan ushbu koʻrgazma uning uchun tajriba almashish, mahorat maktabi vazifasini oʻtayotgani bilan ahamiyatli.

Jalaquduq tumanilik Muhriddin Safarboyev asli haykaltarosh. Turmush oʻrtogʻi Nozimaxon Toʻlanboyeva bilan kulolchilikni oʻzlashtirganiga ikki yil boʻldi. Hozirda bir oyda oʻrtacha 10 ta haykal va 50 dan ziyod kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Uch nafar shogirdlari izidan borib, milliy buyumlar tayyorlash sirini oʻzlashtirmoqda.

— Tumanimiz hokimligi sanoat hududidan yer maydoni ajratib berdi, — deydi Muhriddin Safarboyev. — U yerda oʻz ustaxonamizni barpo etish uchun qurilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha foydalanishga topshirilgach, bir oyda yuzlab kulolchilik mahsulotlari va yigirmadan ortiq haykallar yasash imkoniga ega boʻlamiz. Qolaversa, 5 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. “Dunyo sadolari” festivali doirasidagi bugungi koʻrgazmada mahsulotlarimizni sotish bilan bir qatorda, turdosh hunarmandlardan yangi mahsulotlarni yasash sirlarini ham oʻrgandik.

Festival doirasida, shuningdek, liboslar namoyishi, taomlar koʻrgazmasi, milliy sport oʻyinlari bellashuvlari ham boʻlib oʻtmoqda. Madaniyat xodimlari tomonidan taqdim etilayotgan dasturlar festivalga fayz ulashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер