DXX va IIV tomonidan “Oriyat” va “Qoradori” nomli keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazildi

14:07 09 Fevral 2025 Jamiyat
318 0

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025-yilning 5-7-fevral kunlari mamlakat miqyosida “Oriyat” va “Qoradori” nomli keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar jinoyatchilikning oldini olish, jamiyat xavfsizligini mustahkamlash va huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratildi.

7-fevral kuni oʻtkazilgan “Oriyat” keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida jamiyat axloqi va sogʻligʻiga tahdid soluvchi jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS) va boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalishining oldini olish maqsadida bir qator jamoat joylari tekshiruvdan oʻtkazildi. Xususan, saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa muassasalar huquq-tartibot organlari tomonidan oʻrganildi.

Tekshiruvlar natijasida jami 340 ta obyekt tekshirilib, fuqarolar salomatligiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan 2 ming 957 nafar shaxs bilan tushuntirish ishlari oʻtkazildi. Shuningdek, ular mobil tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.

Tadbir davomida aniqlangan holatlar boʻyicha 93 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 94 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, 153 nafar fuqaro maʼmuriy javobgarlikka jalb etilib, 1 920 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi, shundan 766 nafari rasman ogohlantirildi.

Tezkor tadbirlarning ikkinchi bosqichi – “Qoradori” amaliyoti davomida huquq-tartibot idoralari tomonidan 640 ta maxsus tezkor tadbir oʻtkazildi. Natijada 1 401 nafar shaxs narkotik moddalarni saqlash, isteʼmol qilish va tarqatish boʻyicha gumonlanib, tekshiruvga jalb qilindi.

Tadbirlar davomida jami 28 kg 857 gr giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik narkotiklar) hamda 9 ming 421 dona kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop dori vositalari noqonuniy aylanmadan chiqarildi. Bundan tashqari, noqonuniy saqlangan 18 ta oʻqotar qurol va 126 ta sovuq qurol aniqlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha 339 nafar shaxsga nisbatan 269 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, 119 nafar shaxs esa maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, 53 nafar qidiruvdagi shaxs qoʻlga olindi. 656 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, ulardan 234 nafari rasman ogohlantirildi.

Tezkor tadbirlar davomida Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida 1 kg sintetik giyohvandlik vositasi “zakladka” usulida koʻmilgani haqida maʼlumot olindi. Huquq-tartibot organlari tomonidan oʻtkazilgan tadbir natijasida 1986 va 2002-yillarda tugʻilgan ikki shaxs giyohvandlik moddalarini yashirin joydan olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Tekshiruv davomida ushbu shaxslardan birining yashash manzilidan “zakladka” usulida tarqatishga moʻljallangan 200 gr sintetik narkotik moddalar, elektron tarozi, izolyatsion lenta va maxsus oʻramlar topilib, hujjatlashtirib olindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida odam savdosi bilan bogʻliq jinoyat ham fosh etildi. Tezkor tadbir davomida 1986-yilda tugʻilgan, Toshkent shahrida vaqtincha yashab kelayotgan Turkiya fuqarosi va ikki nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qoʻlga olindi. Ular jinoyat til biriktirib, ikki nafar ayolni jinoiy maqsadlarda ekspluatatsiya qilish uchun Istanbulga yuborishga uringan. Bu harakatlar huquq-tartibot organlari tomonidan oʻz vaqtida oldi olindi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahrida 1980-yilda tugʻilgan shaxs Uchqoʻrgʻon tumanida 1987-yilda tugʻilgan fuqaroni tahdid bilan kaltaklab, uning 280 AQSH dollari qiymatidagi telefonini va 460 ming soʻm naqd pulini tortib olgani aniqlandi. Ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Bundan tashqari, uning tanishiga tegishli uyda noqonuniy ravishda “Makarov” pistoleti saqlab kelinayotgani haqida maʼlumot olinib, tekshiruv oʻtkazildi. Natijada, 1978-yilda tugʻilgan shaxs qoʻlga olinib, uning xonadonidan 1 dona “Makarov” pistoleti, 2 dona oʻqdon va 15 dona jangovar oʻq topildi. Ushbu holatlar boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirildi.

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari jinoyatchilikning oldini olish va jamiyat xavfsizligini taʼminlash yoʻlida keng koʻlamli tadbirlarni davom ettirishini bildirdi. Kutilayotgan yangi tadbirlar doirasida noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanayotgan shaxslar aniqlanib, qonuniy choralar koʻrilishi taʼkidlandi.

Jinoyatchilikka qarshi kurash hamda fuqarolarning huquq va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakatdagi tartib-intizomni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер