DXX giyohvand moddalar savdosiga qarshi tadbirlar oʻtkazdi

13:17 29 Noyabr 2020 Jamiyat
1171 0

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi E.J. «Lada Largus» rusumli avtomashinada kelib, «Toshkent — Bekobod» avtomagistral yoʻlidagi 91-yoʻl belgisining tag qismiga yashirib ketilgan, umumiy ogʻirligi 1 kg 908 gramm boʻlgan 2 dona oʻramdagi “opiy” giyohvand moddasini olib ketayotgan vaqtida DXX Chegara Qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Aniqlanishicha, ushbu ogʻu Tojikiston Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali mamlakatimiz hududiga olib oʻtilgan.

DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi va viloyat IIB xodimlarining Urgut tumanida hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida mahalliy fuqarolar R.S. va N.Sh. kontrabanda yoʻli bilan respublikamiz hududiga olib kelingan 820 gr. “opiy” giyohvand moddasini 120 mln. soʻmga sotmoqchi boʻlgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ularning sheriklari, yaʼni ogʻu sotishda xaridor topish bilan shugʻullangan M.J. ham qoʻlga olindi.

Bundan tashqari, Tayloq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Urgut tumanida istiqomat qiluvchi B.F. 481 gr. “opiy” moddasini 10 ming AQSH dollariga sotmoqchi boʻlgan vaqtida ushlandi. Muqaddam aynan giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan mazkur fuqaro oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlarining Bojxona qoʻmitasining hududiy boshqarmasi xodimlarini jalb qilgan holda Namangan shahrida oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi H.M. boshqaruvidagi «Jiguli» rusumli avtomashina toʻxtatildi. Avtomobil xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 3360 dona “Lirika” dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi. Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida maʼlum boʻlishicha, mazkur shaxs ushbu kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarini Qirgʻiziston Respublikasidan noqonuniy ravishda mamlakatimiz hududiga olib oʻtgan.

DXX xodimlarining boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Qoʻqon shahrida oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida esa mahalliy fuqaro A.A.ning avtomashinasidan va yashash manzilidan tarkibida giyohvand modda boʻlgan 1056 dona «Tramadol» va kuchli taʼsir qiluvchi 1081 dona “Lirika” dori vositalari olindi.

DXX va Bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan Andijon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Neksiya-3” rusumli avtomashina toʻxtatilib, tekshirildi. Natijada avtomobil egasi fuqaro X.I. va avtomobil salonida boʻlgan X.G. hamda M.O.da jami 249 dona «Tramadol», “Lirika”, «Regapen», «Tropikamid» dori vositalari borligi aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyildi. Taʼkidlash lozimki, X.G. va M.O. muqaddam shu kabi xatti-harakatlarni sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan boʻlsalar-da, lekin xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер