DXX 11 kg dan ortiq narkotik moddalar savdosiga chek qoʻydi
Foto: DXX
Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida jami 11 kg dan ortiq narkotik moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Bildirilishicha, DXX tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi samarali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan shaxs belgilangan tartibni buzib, aylanma yoʻllar orqali Tojikiston Respublikasidan 8 kg 860 gr “opiy” moddasini kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimiz hududiga olib oʻtgan. Shu vaqtda “oʻzbek-tojik” davlat chegarasini qoʻriqlayotgan DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining toʻxtash haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmasdan, giyohvandlik vositasini tashlab, nomaʼlum tomonga qochgan. Biroq koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ogʻufurush qoʻlga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, Urgut tumanida yashovchi, 1966-yilda tugʻilgan shaxs uning jinoiy sherigi ekanligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa, Denov tumanida yashovchi, 1969-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs DXX va IIO xodimlari tomonidan tekshirilganda, uning yonida 31 gr “opiy” moddasi borligi maʼlum boʻlgan.
Shundan soʻng, u ajal ogʻusini Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1978-yilda tugʻilgan fuqarodan sotib olganligi aniqlanib, mazkur narkosavdogarning yashash xonadonidan ham 1 kg 483 gr “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1952-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gr “gashish” moddasini xaridorga 14 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan yurtimizga aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring