“Deputatlik nazorati tizimi yaratildi” degan xulosa chiqarish maqsadga muvofiq emas — Senat

09:20 08 Iyun 2021 Jamiyat
624 0

Bu haqda Oliy Majlis Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari bilan vakillik organlari faoliyati natijalari hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videokonferensaloqa shaklida tashkil etilayotgan uchrashuvlarda maʼlum qilindi.

Dastlab Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mahalliy Kengashlar vakillari bilan boʻlib oʻtgan onlayn uchrashuvda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini taʼminlash, Kengashlar faoliyatida doimiy komissiyalarning oʻrni va rolini kuchaytirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xususan, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida qonunchilik tizimi takomillashtirib borilayotganligi, deputatlarning haqiqiy “xalq vakillari” boʻlishlari uchun zarur sharoitlar yaratilayotganligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda Oliy Majlis Senatiga kiritilayotgan qonunlarni mahalliy Kengashlarda muhokama qilish, hududlardagi muammolarni senatorlar orqali parlamentga olib chiqish va bartaraf etishga koʻmaklashish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi, qolaversa, mahalliy Kengashlar doimiy harakatdagi nazorat organiga aylanib borayotganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, hali qilinishi zarur boʻlgan vazifalar koʻpligi, “deputatlik nazorati tizimi yaratildi” degan xulosa chiqarish maqsadga muvofiq emasligi, soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan, turlicha talqin qilinayotgan masalalar mahalliy Kengashlar deputatlarining oʻz faoliyatlarini tanqidiy koʻrib chiqishni taqozo etayotganligi bildirildi.

Uchrashuvda ayni damda mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatida turli eʼtiroz va tushunmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan bir qator omillarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Zamon talablaridan kelib chiqqan holda vakillik organlarining tom maʼnodagi nazorat institutiga aylanishlari uchun mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari va kotibiyatlari tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab berildi.

Uchrashuv savol-javob va muhokama tarzida boʻlib oʻtdi.

Boshqa hududlardagi mahalliy Kengashlar vakillari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazish davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?