Deputatlar xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi muhim qonun loyihalarini muhokama qildilar

19:17 20 Iyun 2023 Siyosat
545 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Deputatlar oʻz ishlarini “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishdan boshladilar.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlash, farmatsevtika tarmogʻiga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish, tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, mamlakatimizda qon plazmasidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, farmokologik va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi hamda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Loyihada donorlikni rivojlantirish, donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmakologik vositalarni ishlab chiqarishni rivojlantirish, dori vositalarining klinik tadqiqotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq tashkil etish, farmatsevtika bozoriga yangi zamonaviy dori vositalari kirib kelishini ragʻbatlantirishga qaratilgan normalar oʻz aksini topmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi qon preparatlariga boʻlgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplash, dori vositalarining sifat nazoratini kuchaytirish orqali aholimizga sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Sharoiti “ogʻir” boʻlgan hududlarda soliq imtiyozlari beriladi

Kun tartibidagi navbatdagi masala — Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda soliq tizimini tubdan isloh qilish, soliq yukini izchillik bilan kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, unda toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanuvchi normalar joriy etildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 63-moddasida soliq va yigʻimlar adolatli boʻlishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmasligi kerakligi belgilab qoʻyilgan.

Soliq tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar natijasida soliq yuki bosqichma-bosqich kamaytirilmoqda. Oqilona soliq siyosati yuritilishi va soliq yuki pasaytirilishi soliq toʻlovchining aylanma mablagʻi koʻpayishiga olib keldi. Hayotga tatbiq etilgan islohotlar tufayli mamlakatimiz hududlarida tadbirkorlikni keng rivojlantirish iqtisodiyot sohalariga investitsiyalar kiritish va pirovardida munosib ish oʻrinlari yaratish imkoniyatlari oshmoqda.

Shuning bilan birga, geografik joylashishi, ishlab chiqarish hamda ijtimoiy infrastrukturasi rivojlanmagan hamda iqtisodiy salohiyati sustligi sababli rivojlanishdan orqada qolayotgan hududlarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu munosabit bilan, taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan respublikaning 11 ta viloyatidagi 47 ta “sharoiti ogʻir” boʻlgan tumanlar uchun vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish, foydalanilmayotgan obyektlar egalariga nisbatan mol-mulk va yer soligʻining oshirilgan stavkalari qoʻllanilishini bekor qilish, davlat organlariga, muassasa va tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan va ular tomonidan boshqa tashkilotlarga ijaraga berilgan yerlarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish, yerlardan kadastr hujjatlari mavjud boʻlmagan yoxud yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda uy-joy egalari uchun uch karra oshirilgan stavkada yer soligʻini hisoblash tartibi qoʻllanishini toʻxtatib turish, shuningdek, elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlarini qoʻllab-quvvatlash orqali innovatsion texnologiyalar joriy etilishini ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi rivojlanishda ortda qolayotgan hamda “sharoiti ogʻir” tumanlarda tadbirkorlik faoliyatini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, biznes muhitini yaxshilash, fuqarolarni qoʻshimcha ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularning mulkiy huquqlarini himoya qilish uchun xizmat qiladi.

Yigʻilishda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha deputatlar oʻz fikr-mulohazalarini, takliflarini berishdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan asosli savollar koʻtarildi va mutasaddilardan atroflicha javoblar olindi.

Qizgʻin baxs-munozaralardan soʻng, deputatlar qonun loyihasining juda muhimligi, ayni chogʻda zarurligini inobatga olib, uni birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qildilar.

Sport-taʼlim muassasalariga bojxona imtiyozlari berilmoqda

Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda xalqimizning salomatligi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish, maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, sportga aholini, ayniqsa yoshlarni keng jalb etish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sport-taʼlim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, sport-taʼlim muassasalari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, sport taʼlim muassasalarini zamonaviy sport kiyimlari, ekipipirovkalar, oyoq kiyimlari, sport anjomlari, sport jihozlari hamda uskunalari bilan taʼminlash, soha mutaxassislarini tayyorlash hamda oʻtkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish kabi masalalar dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi 297-moddasi ikkinchi qismiga bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari xorijdan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport-taʼlim muassasasi tomonidan olib kiriladigan sport kiyimlari, ekipirovkalari, oyoq kiyimlari, sport anjomlari, jihozlari hamda uskunalarini belgilangan tartibda shakllantirilgan roʻyxat asosida import qilinadigan tovarlarning 50 foiziga nisbatan berilishi boʻyicha 15-band bilan toʻldirilishi belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi jismoniy tarbiya va sport sohasida taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini rivojlantirishga, iqtidorli sportchilarni saralash (seleksiya) va ularni tayyorlashda davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini, shuningdek, sport-taʼlim muassasalari uchun shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi, undagi ayrim normalar boʻyicha savollar bir qator oʻrtaga tashlandi. Mutasaddilar deputatlar tomonidan berilgan barcha savollarga tushuntirishlar berdi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Sudlarda taftish instansiyasi joriy etiladi

Keyingi yillarda mamlakatimizda sud tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlash, adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jamiyatimizda “Qonun – ustuvor, jazo muqarrar” degan muhim prinsipni taʼminlash, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari va advokatura tizimini takomillashtirish, ularni tom maʼnoda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish boʻyicha salmoqli ishlar qilinyapti.

Bugungi kunda sud qarorlarini qayta koʻrishda viloyat sudlari hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish zaruriyati vujudga kelmoqda.

Majlisda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi.

Sud qarorlarini qayta koʻrishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Iqtisodiy protsessual, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, sudning qarori, ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida koʻrib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Yaʼni, qonun loyihalari bilan tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda appellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish vakolati berilyapti.

— Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud ovora boʻlib yurishiga barham beriladi. Bunda birinchi instansiya sudining qaror yoki ajrimidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida koʻrib chiqiladi, — deydi deputat Davron Aripov. — Sud qaroridan yana norozi boʻlingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hayʼatlarida qayta koʻrib chiqiladi.

Endi yuqori instansiya sudlariga yanada katta masʼuliyat yuklanib, ishni yangidan koʻrish uchun quyi sudlarga yuborish tartibining bekor qilinayotgani ham sud hujjatidan norozi shaxsning yuqori instansiyaga ishonchini mustahkamlaydi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, kiritilayotgan yangiliklar fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirishga, ish boʻyicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama va toʻliq tekshirilishiga hamda xalqimizning sudlarga boʻlgan ishonchining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihalari deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Maqsad — fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish

Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Huquqiy demokratik davlatning eng asosiy talablaridan biri qonunning ustuvorligi, unga itoat etish va uni hurmat qilish hisoblanadi. Mamlakatimizda qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni esa Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.

Prokuratura organlarining huquqiy maqomi ularning oldiga qoʻyilgan vazifalar davlat boshqaruv tizimining demokratlashuvi va erkinlashuvi bilan bogʻliq tarzda takomillashib bormoqda. Keyingi yillarda milliy qonunchilikka prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, uning vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilgan “Maʼmuriy sudlarda yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 46-moddasiga qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasidan koʻzlangan maqsad ham aynan fuqarolarning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini ishonchli himoya qilish darajasini oshirishda prokuratura organlarining masʼuliyati va vakolatini yanada mustahkamlashdan iborat.

Qayd etilganidek, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 46-moddasida prokuror barcha ishlar boʻyicha sud majlisida ishtirok etishga haqliligi belgilangan. Biroq maʼmuriy sudlarda maʼmuriy organning yer bilan bogʻliq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda prokurorning ishtiroki majburiy etib belgilanmagan, sudlar tomonidan esa bunday toifadagi ishlarni koʻrib chiqish haqida prokuror xabardor qilinmaydi. Bu jihat mazkur ishlarda prokuror ishtirokini taʼminlashga imkoniyat bermayapti. Shu bois yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq ishlarning koʻrilishida prokurorlarning majburiy ishtirokini qonunchilikda belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq yuzaga kelayotgan nizolarni samarali hal qilishga, davlat manfaatlariga zarar yetkazilishining oldi olinishiga, odil sudlovning taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi, hujjat yuzasidan turli savollar oʻrtaga tashlandi. Mutasaddilar deputatlar tomonidan koʻtarilgan savollarga atroflicha javoblar qaytardi. Qizgʻin baxs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi qabul qilindi.

Davlat bayrogʻidan foydalanish imkoniyatlari kengayadi

Davlat bayrogʻi mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-obodlik, millatlararo totuvlik, qut-baraka, biz erishayotgan yutuqlar va kelajakka boʻlgan mustahkam ishonch ramzi sifatida qalbimizga tuganmas iftixor bagʻishlaydi.

Shu bois, Davlat bayrogʻidan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlarni yanada soddalashtirish, undan qonunga qatʼiy rioya qilgan holda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bir guruh deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, aholidan takliflar olish, ular asosida qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida 2023-yilning 1-16-iyun kunlari jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Oʻtgan vaqt mobaynida 1,5 mingdan ortiq munosabat va takliflar kelib tushdi. Ularning 673 tasi Qonunchilik palatasining parliament.gov.uz saytiga, 530 tasi regulation.gov.uz portaliga, 154 tasi fan@parliament.gov.uz elektron pochtasiga kelib tushgan hamda 150 nafar yoshlar yetakchilari tomonidan jamoaviy taklif yuborilgan.

Qonun loyihasi bilan Davlat bayrogʻidan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va oʻzga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham bayrogʻimizga nisbatan zarur hurmatni taʼminlagan holda foydalanilishga ruxsat berish koʻzda tutilmoqda.

Davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligini belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos oʻrnatish hamda Davlat bayrogʻi tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda.

Davlat bayrogʻi va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi hollarda — Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida boʻlgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qoʻllashda hamda xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda foydalanishga ruxsat berish belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda boʻlinishiga yoʻl qoʻyilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi markaziy koʻchalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylari va obyektlarda nafaqat bayram kunlari, balki kundalik hayotimizda ham davlatimiz bayrogʻini koʻrish, undan faxrlanish imkoniyatlarini kengaytiradi va uni milliy gʻururimiz timsoliga aylantiradi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?