Deputat tashabbusi bilan tarbiyachilar oʻrtasida sport musobaqasi oʻtkazildi

19:12 25 Yanvar 2021 Sport
1962 0

Sport salomatlik garovi ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu bois, Oʻzbekistonda sport bilan shugʻullanish ommaviy tus olmoqda. Sogʻlom turmush tarziga amal qilayotgan yurtdoshlarimiz soni kun sayin koʻpayib borayotir.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyatga egadir. Chunki ayni qish boʻlishiga qaramay, mazkur farmon ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda turli sport musobaqalari oʻtkazib kelinmoqda.

Ana shunday sport musobaqalaridan biri bugun OʼzLiDeP Shahrixon tuman Kengashi hamda tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi hamkorligida “Maktabgacha taʼlim tizimi – sport bilan hamnafas” shiori ostida oʻtkazildi.

Tumandagi 4-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan musobaqada tumandagi 7,8,15,23-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari 100 metrga yugurish, stol tennisi, voleybol, shashka va sportning boshqa turlari boʻyicha oʻzaro bellashdi.

Musobaqada soʻz olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Otaxonova sport hayot mazmuniga aylangan oilada sogʻlom muhit hukm surishini aytib, keyingi yillarda yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

— Mazkur musobaqadan koʻzlangan maqsad – xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, keng jamoatchilik oʻrtasida sportni ommalashtirish, — deydi parlament quyi palatasi deputati O.Otaxonova. — Agar sportga oshno xonadonlarni kuzatsangiz, ularda vaqt qadriga yetadigan, yoshu keksaning hurmatini joyiga qoʻyadigan, elu yurt ishiga kamarbasta oʻgʻil-qizlar voyaga yetayotganiga guvoh boʻlasiz. Shu bilan birga, sport organizmni chiniqtiradi, immunitetni mustahkamlaydi, irodani toblaydi.

Musobaqa yakunida gʻolib jamoalarga hamda faol ishtirok etgan xotin-qizlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?