Dekabr oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,9 foizga oshgan

15:09 02 Yanvar 2026 Iqtisodiyot
546 0

2025-yilning dekabr oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,9 foizga oshgan. Bu haqida Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi.

Yillik isteʼmol narxlari indeksi (INI) 107,3 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning shu oyiga (2024-yil dekabr — 109,8 foiz) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.

Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 1,5 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga hamda aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,7 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan baqlajon (55,9 foiz), bodring (55,7 foiz), pomidor (25,1 foiz), bulgʻor qalampiri (22,9 foiz), karam (22,8 foiz), qovoq (10,5 foiz), anor (7,2 foiz), uzum (6,7 foiz), banan (3,5 foiz), tovuq tuxumi (3,4 foiz), olma (2,3 foiz), kartoshka (0,7 foiz), qoʻy goʻshti (0,5 foiz) va mol goʻshti (suyaksiz goʻshtidan tashqari) (0,5 foiz) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy taʼsir koʻrsatdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida sabzi (-7,5 foiz), mandarin (-3,5 foiz), shakar (-2,6 foiz), barcha navdagi guruch, guruch oqshogʻi (-1,8 foiz) va kungaboqar yogʻi (-0,5 foiz) narxlarining pasayishi muhim hissa qoʻshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan benzin (2,4 foiz), kiyim va poyabzal (0,2 foiz) hamda propan (1,3 foiz) narxlarida oʻsish kuzatildi.

Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida mobil aloqa xizmatlari (4,9 foiz), shahar avtobusida yoʻl haqqi (3,2 foiz), maishiy chiqindi uchun haq toʻlash (3,0 foiz), xalqaro yoʻlovchi havo transporti (2,0 foiz) va repetitorlik (0,8 foiz) narxlari oshishi asosiy omil boʻlib xizmat qildi.

Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер