Dehli shahrida Oʻzbekiston ekologik turizmi salohiyati taqdim etildi

13:29 05 Iyun 2023 Madaniyat
706 0

Tadbirda Dehli shahrida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, Hindistonning yetakchi sayyohlik kompaniyalari, ishbilarmon doiralari va OAV vakillari ishtirok etdi

Oʻzbekiston elchisi Dilshod Ahatov mamlakatimizning turizm salohiyati, sohani qoʻllab-quvvatlash, xorijiy turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning oqimini oshirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar haqida maʼlumot taqdim etdi.

Shuningdek, respublikamizdagi mavjud anʼanaviy sayyohlik manzillari bilan bir qatorda xorijlik sayyohlar orasida tobora ommalashib borayotgan yangi yoʻnalishlar, xususan, ekologiya turizmi haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli saʼy-harakatlar, ekoturizm sohasiga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi yil sari koʻpaytirilayotgani va dam olish sanoatining ushbu yoʻnalishiga qiziqish tobora ortib borayotgani haqida soʻzlab berildi.

Orol dengizining qurigan hududiga boʻtalar ekish, mamlakatimizning yashil zonalari maydonini izchil kengaytirish, suv omborlari va boshqa tabiiy imkoniyatlar va boyliklarga eʼtibor kuchaytirilgani urgʻulandi. Buxorodagi “Jayron” ixtisoslashtirilgan pitomnigida sayyohlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar misolida ekoturizmning rivojlantirish istiqbollari haqida fikr yuritildi.

– Soʻnggi yillarda hindistonliklarda Oʻzbekistonga safar qilishga boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotgani kuzatilmoqda, - deydi Hindiston tashqi turizm operatorlari uyushmasi (Outbound Tour Operators Association of India) vakili Gurdip Sahni. – Sayyohlar Oʻzbekistondan katta taassurotlar bilan qaytib kelmoqda, ular mamlakatda maroqli sayohat qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini aytmoqda va bundan mamnun boʻlmoqda. Biz Oʻzbekiston elchixonasi bilan mazkur yoʻnalishda yaqin aloqalar oʻrnatganmiz va, ishonamizki, oʻzaro hamkorlik ikki tomonga ham manfaat keltiradi.

Shuni taʼkidlash lozimki, turizm sohasidagi hamkorlik rishtalarini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan saʼy-harakatlar natijasida bu yil Oʻzbekistonga hindistonlik sayohatchilarni jalb qilish boʻyicha oʻzaro aloqalar tarixida eng yuqori natijaga erishilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?