Davlatning dunyoviylik tamoyillarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan muhim hujjat

12:45 05 Fevral 2025 Jamiyat
131 0

Yaqinda “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni hamda u bilan Oʻzbekiston Respublikasida Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi muhokama uchun eʼlon qilindi.

Joriy yilning 9-fevralgacha davom etadigan mazkur hujjat davlatning dunyoviylik tamoyillarini roʻyobga chiqarish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, desak, ayni haqiqat.

Xoʻsh, konsepsiya nima haqida va oʻzida nimalarni aks ettirmoqda?

Taʼkidlash joizki, diniy sohadagi davlat siyosatini aniq koʻrsatilmasligi uning aholi oʻrtasida turlicha tushunilishi, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishi, jamiyatda ziddiyatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Mazkur konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini taʼminlash va Oʻzbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 7 ta bob, 41 ta banddan iborat ushbu konsepsiya nafaqat vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosatini yuritishni, balki dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, mamlakat taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri etib — iqtisodiyotni tartibga solish yoʻnalishi belgilanmoqda. Jumladan, iqtisodiyotni tartibga solish yoʻnalishidagi dunyoviylik, bu — davlat tomonidan iqtisodiyotni, iqtisodiyot subyektlari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishda empirik dalillar, oqilona tahlil va obyektiv kuzatuvlarga asoslangan iqtisodiy qonuniyatlar, prinsiplar hamda institutlarga tayanishni nazarda tutadi.

Bunda iqtisodiyotni tartibga solish yoʻnalishidagi dunyoviylikni taʼminlashning asosiy mexanizmlari ham belgilab berilmoqda.

Birinchidan, davlatning iqtisodiy siyosatga doir qarorlari empirik dalillar, oqilona tahlil va obyektiv kuzatuvlar asosida qabul qilinishini taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratilgan.

Bu bejiz emas. Har qanday davlat rivojida ushbu omillar inobatga olinishi oʻzining ijobiy samaralarini beradi. Misol uchun, Yevropaning rivojlangan mamlakatlarining bugungidek taraqqiyotida ham aynan davlatning iqtisodiy siyosatga doir qarorlari empirik dalillar, oqilona tahlil hamda obyektiv kuzatuvlarga asoslanganini kuzatish mumkin.

Ikkinchidan, iqtisodiy siyosat yuritishning ilmiy va uslubiy asoslarini kengaytirib borish talab etiladi. Shu maʼnoda ushbu tamoyillar konsepsiyadan oʻrin olgan.

Sir emas, hech bir soha oʻzining ilmiy asoslariga ega boʻlmasdan turib uni rivojlantirib boʻlmaydi. Xuddi shunday iqtisodiy tarmoqlarida ham. Shu bois ushbu hujjatda iqtisodiy siyosat yuritishning ilmiy va uslubiy asoslarini kengaytirib borish nazarda tutilyapti. Bu esa mamlakatimiz taraqqiyotini taʼminlaydigan, ayniqsa, poydevori mustahkamligini va pirovardida aholi farovonligiga olib keladi.

Xalqimizda “Isteʼmolchi — doimo haq” degan ibora mavjud. Darhaqiqat, har qanday tadbirkorlar isteʼmolchilar huquqlarini suiisteʼmol qilmasdan faoliyati yuritishi lozim. Amaliyotda kuzatiladiki, ayrim tadbirkorlik subyektlari xaridorning diniy qarashlari asosida, yaʼni isteʼmolchilar manfaatlariga zid va ularning qonuniy huquqlarini buzilishiga olib keladigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyadi. Bu esa tadbirkor va isteʼmolchi oʻrtasida ishonchsizlik va ziddiyatlarga sabab boʻlishi mumkin.

Yuqoridagi kabi muammolardan kelib chiqib, Konsepsiya loyihasida muhim yoʻnalish kiritilyapti. Yaʼni iqtisodiyot subyektlari tomonidan isteʼmolchilarning qonunda belgilangan huquqlarini va qonuniy manfaatlarini diniy qarashlar asosida cheklashga yoʻl qoʻymaslik masalasi belgilanmoqda. Mazkur norma fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu hali hammasi emas. Ushbu hujjatda iqtisodiyot subyektlari tomonidan iqtisodiy faoliyat turlarini, biznes-hamkorlarni, savdo-sheriklarni tanlashda iqtisodiy erkinlik va ochiq bozor prinsiplariga rioya qilishning ahamiyatini tushuntirib borish ham koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida tadbirkorlik subyektlariga koʻplab imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Ular oʻz faoliyatlari davomida erkin va shu bilan birga, biznes-hamkorlarni, savdo-sheriklarini tanlashda hech qanday toʻsiqlar mavjud emas. Bu ochiq bozor prinsiplariga mos.

Bu yoʻnalishda oldimizda turgan masala shuki, oʻsha imkoniyatlarni erkin va ochiq bozor prinsiplariga rioya qilishning ahamiyati haqida targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish lozim boʻladi. Bu hayotiy zarurat boʻlganligi bois Konsepsiyaga alohida band sifatida kiritilmoqda.

Shu bilan birga, hujjatda iqtisodiyotning hayotiy muhim tarmoqlari, jumladan oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy texnika, gigiyena vositalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularning muomalasi sohalaridagi iqtisodiy munosabatlarda umumqabul qilingan axloq normalariga amal qilinishini taʼminlash ham belgilangan.

Fuqarolarning iqtisodiyot qonuniyatlari, prinsiplari hamda institutlari haqidagi obyektiv tasavvurlarini boyitish, ularda bozor iqtisodiyoti haqida empirik dalillar toʻplash, oqilona tahlil va obyektiv kuzatuv asosida iqtisodiy qarorlar qabul qilish koʻnikmalarini mustahkamlash masalasi ham dolzarb. Shu maʼnoda kelgusida ushbu jihatlarni inobatga olgan holda ish tashkil etish orqali mustahkam barqaror iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash maqsad qilingan.

Yana bir muhim jihat, bu — ilm-fan, innovatsiyalar va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ularni tizimli qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish bilan bogʻliq masala. Zero, ilm fansiz, tadqiqotlarsiz, tahlillarsiz iqtisodiy oʻsish tendensiyalariga erishish qiyin. Mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni ragʻbatlantirish, shu bilan birga, muntazam qoʻllab-quvvatlashni yoʻlga qoʻyish ham oʻzining ijobiy samaralarini berishi, shubhasiz.

Konsepsiyada belgilangan maqsad va vazifalarning bajarilishini tashkil etish hukumat, barcha darajadagi davlat organlari, tashkilotlar va muassasalar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, shu jumladan, davlat xizmatchilarining zimmasiga yuklatilgan. Bu jarayonda barcha qatori Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

Albatta, mazkur hujjatni amalga oshirishda keng jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qilingan holda puxta-pishiq holatga keltiriladi.

Umuman olganda, keng jamoatchilikka havola etilgan Oʻzbekiston Respublikasida Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining loyihasi hamda uning keyinchalik hayotga tatbiq etilishi mamlakatimiz taraqqiyoti, diniy hamda iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlarimiz yaxshilanishiga olib keladi.

Dilafruz AZIMOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat boshqaruvi kafedrasi dotsenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер