Davlat qarzi boʻyicha maʼlumotlarning ochiqligi taʼminlanadi

12:45 25 Dekabr 2021 Jamiyat
1076 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan “Tashqi qarz hajmini maqbul darajada saqlab turish, davlat qarzi boʻyicha maʼlumotlarning yanada ochiqligini taʼminlash” mavzusida seminar oʻtkazildi.

Deputatlar, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xodimlari, mutaxassislar hamda OAV vakillari ishtirokidagi tadbirda davlat qarzining joriy holati, soʻngi yillardagi dinamikasi, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar, qarzning soʻndirilishi hamda davlat qarzini maqbul darajada saqlash va samarali boshqarishda amalga oshirilayotgan choralar, bu boradagi xalqaro tajriba atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 2021-yil oktyabr holatiga, davlat qarzi 25,3 mlrd. dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 38,4 foizni tashkil etdi. Shundan, 22,7 milliard dollarga teng qarzdorlik davlat tashqi qarziga toʻgʻri keladi. Ushbu tashqi qarz mablagʻlari asosan byudjetni qoʻllab-quvvatlash, infratuzilma, sanoat va qishloq xoʻjaligi loyihalariga yoʻnaltirilgan boʻlib, ular mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirda davlat qarzini boshqarish boʻyicha xalqaro tajriba, “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida belgilanayotgan asosiy qoidalar mohiyati va ahamiyati obdon muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi 10 ta bob, 58 ta moddadan iborat. Unda davlat qarzini boshqarish jarayonidagi ayrim tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, davlat qarzi boʻyicha maʼlumotlarning ochiqligini kafolatlashga qaratilgan normalar oʻz aksini topgan. Qonun loyihasi 2021-yil 21-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilindi. Loyihani tayyorlashda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Osiyo taraqqiyot banki va AQSH Gʻaznachiligining ekspertlari ishtirok etgan. Shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar tajribalari ham atroflicha oʻrganilgan.

Seminar ishtirokchilari Moliya va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari vakillariga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

Xususan, moliya vaziri oʻrinbosari O. Isakov deputatlarning ichki qarz mablagʻlarini oshirish manbalari hamda davlat ichki va tashqi qarzlarining maqbul tarkibini taʼminlash yuzasidan Moliya vazirligining rejalari toʻgʻrisidagi savollariga batafsil maʼlumot berdi.

Unga koʻra, ichki moliyaviy bozorlar hali yetarli darajada faol boʻlmaganligi bois, oʻrta muddatda ichki qarz mablagʻlarini oshirishda norezident qarz beruvchilar eng muhim manba sifatida koʻrilmoqda, uzoq muddatda esa mazkur mablagʻlarning salmoqli ulushini ichki moliyaviy bozorlarni rivojlantirish orqali ichki manbalardan jalb qilish rejalashtirilgan.

Bu boʻyicha Moliya vazirligi tomonidan bir qator choralar amalga oshirilmoqda. Masalan, market-meyker institutini joriy etish, ikkilamchi bozorni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash, inflyatsiyaga bogʻlangan davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish amaliyotini yoʻlga qoʻyish, davlat qimmatli qogʻozlarini sotib oluvchi investorlar bazasini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, yigʻilish ishtirokchilari tomonidan davlat qarzi boʻyicha valyuta ayirboshlash xatarlari qanday boshqarilayotganligi boʻyicha savollar, aholining boʻsh turgan mablagʻlarini davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish orqali jalb qilish takliflari bildirildi va tegishli javoblar olindi.

Taʼkidlanganidek, Moliya vazirligi valyuta ayirboshlash xatarlarini boshqarishda soʻmning davlat qarzi portfelidagi ulushini orttirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Bu boʻyicha natijalarga erishilmoqda. Masalan, 2018-yilda Moliya vazirligi tomonidan umumiy qiymati 597,1 mlrd. soʻm miqdoridagi davlat qimmatli qogʻozlari auksion savdolarini oʻtkazish orqali joylashtirdi. Soʻnggi davr mobaynida milliy valyutadagi davlat qimmatli qogʻozlarini joylashtirish hajmi qariyb 14 barobarga oshirildi. Shu bilan birga, 2020-yil va joriy yilning iyul oyida 2 trln. soʻmdan kam boʻlmagan miqdordagi milliy valyutada denominatsiya qilingan suveren xalqaro obligatsiyalar London fond birjasiga joylashtirildi.

Seminarda kun tartibidagi masalalar yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?