“Davlat organlari ixcham boʻlishi kerak” — Adliya vaziri
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov @huquqiy_gap telegram kanalida Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi sohasida qanday masalalarni hal etish lozim, degan savolga javob berdi:
«Birinchidan, davlat organlari ixcham boʻlishi kerak. Bu nima degani?
Har bir organ oʻziga yuklatilgan vazifani qiladigan, funksiyalari takrorlanmaydigan, davlat organining har bir xodimi faqat oʻziga yuklatilgan ishni bajaradigan va oʻshanga oylik oladigan tizim kerak. Organlar soni ham muhim.
Shveysariya hukumati aʼzolari surati ijtimoiy tarmoqlarda koʻp aylanadi. Unda 8 ta vazir suratga tushgan va bu Shveysariya hukumatining ixchamligini ifodalaydi, deb oʻylashadi. Aslida, ularda 70 dan ortiq davlat organlari bor. Yaʼni vertikallashuv kuchaytirilgan.
Masalan, atrof-muhit, transport va energetika vaziri bitta, mudofaa va sport vazirligi, iqtisodiyot, ilm va fan-taʼlim — bitta vazirlik. Har bir vazirlikka bir nechta sohalar biriktirilgan va u portfel vazirlar qoʻliga berilgan. Yaʼni suratda koʻringani darajada hukumat ixcham emas. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda surat bekorga aylanmayapti — bu signal! Yaʼni biz ixchamlashtirish borasida hali koʻp ishlashimiz kerak.
Biz inspeksiyalar faoliyatini tahlil qildik. Koʻpining faoliyati shaffof emas. Masalan, bitta qurilish sohasiga 4 ta davlat organi, mahsulotlar sifatiga 8 ta davlat organi masʼul. Bu holda natija yaxshi boʻlmaydi, aksincha, yomonlashadi. Har bir organ oʻzicha talablar qoʻyadi va oʻzicha natija koʻzlaydi. Shu sababli ushbu organlarni optimallashtirish masalasini koʻrib chiqish lozim.
Ikkinchidan, “bitta yoʻnalish uchun bitta davlat organi” tamoyili asosida ishlash kerak. Fuqaro maʼlum masala boʻyicha davlat organiga murojaat qilganda, organ shu masalaning barcha jihatlarini koʻrishi, qamrashi va hal qila olishi kerak.
Maʼmuriy apparatning kattaligi hamma narsaga taʼsir qiladi. Bu yerda soliq toʻlovchining puli ishlatilyapti. Resurslarni oqilona sarflash boʻlmasa, harakatlar samarasi pasayaveradi.
Uchinchidan, nomarkazlashtirish siyosatini yanada rivojlantirish. Ilgari eslasangiz, birgina dorixona yoki taʼlim markazini tashkil etish uchun ham hududlardan markazga kelib ruxsat olish kerak edi. Hozir bu barham topdi. Lekin baribir hamon markazlashtirish kuchli. Masʼuliyatni hududlarning oʻziga berish kerak. Yaʼni maʼlum hudud aholisining hayotiga taalluqli masalalar oʻsha joyning oʻzida hal qilinsin. Bizga toʻgʻri nomarkazlashirish juda zarur.
Toʻrtinchidan, davlat organlari va davlat xizmatchilarining oʻz funksional vazifalaridan boshqa ishlar bilan shugʻullanishi. Yaʼni bir sohaning resurslarini boshqa sohaga safarbar qilish hech qachon oʻzini oqlamaydi. Qisqa muddatli natijani deb istiqbolni boy berishga olib keladi. Misol sifatida qishloq xoʻjaligini keltirish mumkin: paxta terishga taʼlim, hokimiyatlar, davlat organlari xodimlarini jalb qilinganda, ularning oʻz ishlari qolib ketadi, natijada oʻsha sohaga doir muammolar koʻpayadi va ularni hal qilish qiyinroq hamda qimmatroq boʻladi.
Beshinchidan, mehnat unumdorligi masalasi. Ish vaqtidan samarali foydalanish dolzarb. Biz davlat xizmatchisi sifatida byudjetdan oylik olyapmiz, yaʼni xalq toʻlagan soliqlardan. Har bir soatimiz uchun maʼlum miqdorda maosh olamiz. Demak, ish vaqtidan unumli foydalanishimiz kerak. Bir olim aytgan: “Daqiqaning qadrini bilmagan, soatning ham, kunning ham, yilning ham qadriga yetmaydi”. Xususiy sektorda biznes buni allaqachon qoʻllay boshlagan, chunki tadbirkor ish beruvchi xodimning soatiga pul toʻlar ekan, u soatni toʻliq ishga bagʻishlashini istaydi va bu qonuniy talab.
Davlat rahbari tomonidan davlat tashkilotlarida majlislarni kamaytirish toʻgʻrisida topshiriqlar boʻldi. Lekin ayrim tashkilotlarda majlislar ish qilayotganini koʻrsatish vositasiga aylanib qolgan. Yoki ish vaqtida oshga borish, tugʻilgan kunlarni nishonlash, turli tadbirlar uyushtirishga kamida 2 soat ketadi. Bu soatlarga xalq pul toʻlayapti. Bu asli xalq mulkiga xiyonat. Biz kamroq gapirib koʻproq ishlashimiz kerak".
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring