Davlat madhiyasi musiqasi muallifi xotirasi yod etildi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Buxoro viloyat va shahar mutasaddilari, jamoat va davlat tashkilotlari, yoshlar vakillari, ijodkorlar ushbu oʻlmas tarona muallifi, Oʻzbekiston xalq artisti Mutal Burhonov mangu qoʻnim topgan Abu Hafz Kabir Buxoriy ziyoratgohida toʻplandilar.
Mutal Burhonov qabri poyiga gullar qoʻyildi. Shundan soʻng buyuk bastakor xotirasi yod etilib, Qurʼon tilovat qilindi.
Marosim madhiya ijodkorining uy-muzeyida davom etdi. Musiqa sanʼatimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshgan, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi sanalgan kompozitor umrining soʻnggi yillarini shu yerda oʻtkazgan. Bu goʻsha ayni paytda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi filiali maqomida faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu maskanda bastakorning bolaligi, oʻsmirlik davriga oid suratlar, cholgʻu asboblari, esdalik sovgʻalari, hujjatlar va albatta kitoblar jamlangan. Muzeyda mumtoz musiqa sanʼatimiz tarixiga oid nodir ashyolar ham bor.
— Madhiyamizni tinglaganimizda yuragimiz junbishga keladi, — deydi Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, dotsent A. Hamroyev. — U tinch va osuda hayotimiz, ozod va erkin turmush, ertangi kunga boʻlgan ishonch timsoliga aylangan desak, adashmaymiz. Maʼlumot tariqasida aytishim lozimki, Mutal Burhonov xalqimizning oʻtgan asr suronli 30-yillar qatagʻonidan sogʻ-omon qolgan kam sonli ziyolilaridan biridir. Uning amakilari Mazhar, Mukammil va Muammir, akasi Misboh Burhonovlar 1937-yilda qamoqqa olinib, qatl etilgan.
Uy-muzeyda toʻplanganlar bu yerdagi eksponatlar bilan tanishib, bastakor hayoti va ijodini oʻrganish yoshlar taʼlim-tarbiyasida katta oʻrin tutishini taʼkidladilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring