Davlat xizmatchilari boshqaruv kompetensiyalarini baholash tizimini takomillashtirishga yangicha yondashuv

Illyustrativ foto
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimida jahon miqyosida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Sohada yangicha yondashuvlar va raqamli texnologiyalarning joriy etilishi hamda aholining davlat xizmatidan kutilmalari ortishi natijasida davlat xizmatchilariga bo‘lgan talablar ham kuchaymoqda. Bugungi rahbar nafaqat o‘z sohasini yaxshi bilishi, balki strategik fikrlash, o‘zgarishlarga moslashish va jamoani boshqara olish qobiliyatiga ham ega bo‘lishi zarur.
Xalqaro tajribaning ko‘rsatishicha, rahbarlik salohiyatini aniqlash va rivojlantirish davlat idoralari faoliyati samaradorligini oshirishda hal qiluvchi omillardan biriga aylangan. Masalan, Singapurdagi Civil Service College har yili 40 ming nafar davlat xizmatchisini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga jalb qiladi. Buning natijasida 2015 — 2024-yillarda davlat xizmatchilarining ish samaradorligi 16 foizga oshgani qayd etilgan. Janubiy Koreyadagi KIPA instituti esa kadrlar salohiyatini rivojlantirishda amaliy-ilmiy yondashuvni joriy etib, innovatsion loyihalarda ishtirok darajasini 20 foizgacha, byurokratik jarayonlar vaqtini esa 30 foizga qisqartirishga erishgan.
Bundan tashqari, Brookings Institution, UNDP, CPPG, CLRG kabi nufuzli markazlar davlat xizmatchilarida raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish, shaffoflik va meritokratiya tizimini joriy etish, raqamli boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha faol tadqiqotlar olib bormoqda. Ularning ishlarida davlat xizmatchilarini kompetensiyalar asosida baholash muhim yo‘nalish sifatida belgilangan.
O‘zbekiston ham bu yo‘nalishda xalqaro tendensiyalarga mos ravishda jadal qadam tashlamoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati sohasida izchil islohotlar amalga oshirildi. 2019-yil 3-oktyabrdagi Prezident Farmoni bilan davlat xizmatini isloh qilishning tashkiliy-me’yoriy zamini yaratildi, 2022-yil 8-avgustda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun davlat xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilab berdi, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida boshqaruv sifati va inson kapitali masalasi ustuvorlik kasb etdi, KPI tizimi asosida rahbarlar faoliyati samaradorligini baholash mexanizmi ishlab chiqildi, shuningdek 2024-yil 4-oktyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi.
Biroq amaldagi holat shundan dalolat beradiki, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarining salmoqli qismi hanuzgacha yuqori salohiyatli kadrlar bilan to‘liq ta’minlanmagan. Ko‘p hollarda davlat xizmatchilari o‘z ishida zamonaviy yondashuvlar va texnologiyalarni qo‘llay olmayapti. Bu esa qabul qilinayotgan qarorlar sifatining past bo‘lishiga, tashabbuskorlik va ijro intizomining susayishiga sabab bo‘lmoqda.
Zamon talablariga binoan davlat xizmatchilari faqatgina amaliy tajribasi asosida emas, balki kompetensiyalari asosida baholanishi hamda ularga professional rivojlanish imkoniyati berilishi kerak. Boshqaruv kompetensiyalarini baholash tizimini joriy etish nafaqat kadrlar sifati, balki davlat byudjeti samaradorligi nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Har bir davlat xizmatchisining qobiliyati, salohiyati va rivojlanish ehtiyojlari bo‘yicha aniq ma’lumotga ega bo‘lish davlat tomonidan tashkil etiladigan malaka oshirish dasturlarini maqsadli va oqilona yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bir nafar davlat xizmatchisini baholash va uni rivojlantirish (o‘qitish) xarajatlari o‘rtacha 2,75 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu xarajatlar evaziga rahbarning KPI ko‘rsatkichlari va jamoadagi ishi faoliyati sezilarli darajada yaxshilansa, bu sarmoya o‘zini oqlagan, deb hisoblash mumkin. 2023-2024-yillar tahlillariga ko‘ra, muayyan kompetensiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘quvlar natijasida tashkilotlarda ish samaradorligi 17,9 foizga oshgan.
Ta’kidlash joizki, baholash tizimi davlat xizmatchilarini rivojlantirish xaritalarini ishlab chiqishni taqozo etadi. Maqsadli rivojlanish xaritalari asosida ishlash esa tashkilot ichidagi noto‘g‘ri lavozim tayinlovlari va resurslarni samarasiz taqsimlashlar sonini kamaytiradi. Bu esa kadrlar siyosatidagi barqarorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Davlat xizmatchilari boshqaruv kompetensiyalarini baholashda quruq nazariya bilan cheklanmay, keng qamrovli amaliyotga tayanilmoqda. Bugungi kunda Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘nlab idoralar, tashkilotlar va hokimiyat organlari bilan hamkorlikda aniq maqsadli va natijaga yo‘naltirilgan ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda amalga oshirilayotgan muhim loyihalardan biri “Rahbar ayollar maktabi” doirasida tinglovchilarni baholash va ularni maqsadli rivojlantirish bilan bog‘liq. 550 nomzod orasidan saralangan 100 nafar iqtidorli xotin-qizlar uchun maxsus malaka oshirish dasturlari tashkil etildi. Ularda raqamli iqtisodiyot, “yashil” boshqaruv, tadbirkorlik ekotizimi kabi yo‘nalishlar qamrab olindi. 9 nafar tinglovchi Turkiya va Vengriyada tajriba orttirdi.
Markaz tomonidan mazkur tinglovchilarning boshqaruv qobiliyati, mantiqiy fikrlashi, davlat tilini bilishi, huquqiy bilimlari, ruhiy barqarorligi, tahlil qilish qobiliyati kompleks baholandi.
Ishtirokchilarning har biri uchun shaxsiy portfolio va rivojlanish xaritasi shakllantirildi. Boshqacha aytganda, rahbarlik lavozimiga qadam qo‘yayotgan kadrlarga aniq yo‘riqnoma berilmoqda: unda qaysi kompetensiyalarni va qay tarzda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, vazirlik va hokimliklarga rahbarlikka tavsiya etilgan 53 nafar nomzod ham sinovdan o‘tkazildi. Bunda ularning bilimlari, kasbiy ko‘nikmalari, rahbarlik salohiyati va korrupsiyaga qarshi immunitet darajalari o‘rganildi. Mind Tracker BCI (Neiry) uskunasi yordamida stressga chidamlilik va shaxsiy samaradorlik kabi ko‘rsatkichlar chuqur tahlil etildi.
Bundan tashqari, 2024-yil yakunida faoliyat samaradorligi bo‘yicha past ko‘rsatkich qayd etgan 193 nafar rahbar va ularning o‘rinbosarlari ham Markazda kompleks baholandi. Natijalar asosida ular uchun individual rivojlanish dasturlari ishlab chiqildi va malaka oshirish kurslariga yo‘nalish berildi.
Rahbar kadrlarni baholash markaz faoliyatining boshqa yo‘nalishlarida ham nazariy yondashuv amaliyot bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Masalan: Transport vazirligining 35 nafar rahbar kadrlarining jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash va loyiha boshqaruvi ko‘nikmalari keyslar asosida baholandi; Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi 92 rahbar xodim psixodiagnostika va korrupsiya xatarlariga moyillik sinovlaridan o‘tkazildi; “Well-being + Corporate Culture” so‘rovnomasi orqali 286 nafar rahbarning ish muhiti, korporativ madaniyati va emotsional holati tahlil qilindi.
Qolaversa, Moskva davlat universiteti bilan hamkorlikda “Integrity” testi ishlab chiqilib, korrupsiyaga moyillikni aniqlash bo‘yicha zamonaviy psixologik yondashuv joriy etildi. Hozirda bu testni patentlash jarayoni kechmoqda. Bu kabi keng qamrovli baholash ishlari nafaqat davlat xizmatchilarining salohiyatini aniqlash, balki ularni aniq maqsad asosida rivojlantirish, boshqaruvda samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi davlat boshqaruvi tizimida rahbar kadrlardan nafaqat yuklatilgan vazifalarni bajarish, balki murakkab qarorlar qabul qilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish va jamoalarni samarali boshqarish talab etilmoqda. Bunday salohiyatni aniqlash uchun esa nomzod haqidagi taassurot yoki uning ish tajribasi haqidagi ma’lumotlar bilan cheklanmay, davlat xizmatchilarini tizimli va ilmiy asoslangan holda baholash talab etiladi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda joriy etilgan normativ-huquqiy asoslar, institutsional tuzilmalar va innovatsion usullar shundan dalolat bermoqdaki, boshqaruv kompetensiyalarini baholash kadrlar siyosatining markaziy qismiga aylanmoqda. Bu orqali nafaqat munosib kadrlar saralanmoqda, balki ular uchun shaxsiy rivojlanish imkoniyatlari yaratilayotgani — muhim yutuqlardan biridir.
Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli jarayonlar bugungi kunda shunchaki nazorat yoki tekshirish vositasi emas, balki kadrlar salohiyatini aniqlash, maqsadli rivojlantirish va ulardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan strategik boshqaruv instrumenti sifatida shakllanmoqda. Bu jarayon orqali davlat xizmatining funksional samaradorligi oshirilib, inson kapitalining o‘sishiga mustahkam poydevor yaratilmoqda.
Bugungi kunda ushbu tizimni xalqaro tan olingan talablarga to‘liq moslashtirish orqali sertifikatlash, raqamli texnologiyalar asosida to‘liq avtomatlashtirish, davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va sohalar kesimida ixtisoslashgan baholash mexanizmlarini joriy etish — Markaz oldidagi eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Shubhasiz, zamonaviy davlat xizmati yuqori malakali, mas’uliyatli va salohiyatli kadrlar bilan to‘liq ta’minlanishi kerak. Buni esa xolis, tizimli va natijaga yo‘naltirilgan baholash mexanizmisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Sarvar SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring