Davlat xaridi tizimi takomillashtiriladi

10:45 03 Iyul 2021 Iqtisodiyot
1473 0

“Davlat xaridlari shaffofligini taʼminlash va samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–5171-son, 02.07.2021-y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2021-yil 5-iyuldan tegishli (24 ta) korporativ buyurtmachilar:

➖ davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonlar va davlat xaridlari natijalari toʻgʻrisidagi axborotni maxsus axborot portali hamda OAVda joylashtiradi;

➖ tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati BHMning 25 ming baravari miqdoridan oshgan hollarda, xaridga doir texnik topshiriqlar va tender hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga kiritadi.

Shuningdek, mazkur korporativ buyurtmachilar uchun individual tarzda Prezident va Hukumat qarorlariga muvofiq belgilangan davlat xaridlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki tender savdolarini oʻtkazmasdan amalga oshirishning mavjud tartiblari bekor qilinadi.

Qarorga koʻra:

➖ yetkazib beruvchilarning dastlabki malaka tanlovini oʻtkazish boʻyicha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi;

➖ ombor va transport logistikasini boshqarish tizimidagi jarayonlarni avtomatlashtirish orqali “E-ombor” tovar-moddiy resurslar harakatini hisobga olish elektron tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan shuningdek, Davlat xaridlari ochiq va shaffof amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?