Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimi takomillashtiriladi
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Ayni paytda shu yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in pallaga kirdi. Shularga mos ravishda partiyalar o‘zlarining saylovoldi dasturlarini targ‘ib qilmoqda hamda ular o‘zaro bahslarga kirishmoqda.
Kecha partiyalar o‘rtasidagi debatlarning navbatdagi “Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish” mavzuida bo‘lib o‘tdi.
“Debat Xoll” media markazida O‘zbekiston Milliy media birlashmasi va Xalqaro press klub tomonidan tashkil etilgan bahsda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari hamda jurnalist va blogerlar qatnashdi.
Debatning 1-raundida partiyalarning saylovoldi dasturlari, xususan, ularning mavzuga oid jihatlari to‘g‘risida muxtasar ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakilining ta’kidlashicha, qonun ustuvorligi, ijtimoiy tenglik va inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolar hamjihatligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash partiyada oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shu maqsadda sud mexanizmlari maqbulligini ta’minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash hamda huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.
O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi vakili tomonidan qayd etilganidek, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimida adolatga erishish jamiyat taraqqiyotida muhim omil sanaladi. Shu bois partiya tomonidan ushbu yo‘nalishga taalluqli aniq vazifalar belgilab olingan. Fuqarolarga yengillik yaratish, sudlar samaradorligini oshirish maqsadida tuman va shaharlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarni tuzish, sudyalar huquqlarini kafolatlash va ish yuklamalarini maqbullashtirish uchun “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish ana shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining salovoldi dasturidan 5 ta aniq maqsad yo‘naltirilgan 500 ta vazifa o‘rin olganligini partiya vakili tomonidan ta’kidlab o‘tildi. Unga ko‘ra, davlat apparatining institusional tizimini optimallashtirish choralari ko‘riladi va odil sudlovni ta’minlash, tadbirkorlar huquqlarini himoyalash borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom ettiriladi. Jamiyatda “Qonun va adolat ustuvor”, “Jinoyatga jazo muqarrar” prinsiplarini yanada mustahkamlashga barcha imkoniyatlar safarbar etiladi hamda so‘z erkinligi to‘liq ta’minlanadi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili tomonidan ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Bu borada partiyaning saylovoldi dasturida ham aniq vazifalar belgilangan. Masalan, “Davlat xizmatchisining halollik tekshiruvi” institutini joriy etish, davlat xizmatchilari sonini muntazam kamaytirib borish taklifi ilgari surilyapti. Ayni chog‘da partiya qonun ustuvorligi davlat boshqaruvining asosiy tamoyili bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakili fikricha, bugun atrof-muhitga zararli ta’sirlar oqibatini bartaraf etish, aholi sog‘lig‘ini muhofazalash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid qator qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda. Shundan kelib chiqib, malakali yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunos kadrlar tayyorlash, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni va jinoiy ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ixtisoslashgan sudlarni tashkil etish tashabbuslari ilgari surilmoqda.
Debatning 2-raundida partiyalar vakillari jamoatchilik faollari va saylovchilarning yurtdoshlarimizni tashvishlantirayotgan masalalar yuzasidan bergan savollariga javoblar qaytarishdi.
Debatning 3-raundida partiyalar vakillari bir-biriga savollar bilan murojaat qilishdi. Jumladan, O‘zXDP vakili M. Qodirxonova O‘zLiDeP vakiliga Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi qanday bo‘lishi kerakligi va partiya dasturida qanday takliflar ilgari surilayotganligi bilan qiziqdi.
Partiya a’zosi B. Bekmurodov ushbu savolga javoban, avvalo, yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi ixcham, odamlarning og‘irini yengil qiladigan samarali davlatchilik bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Va bu borada xorij tajribasidan misollar keltirib, partiya dasturida belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
“Adolat” SDP vakili D. Ismoilov esa O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakiliga “Davlat xizmatchilarining halollik tekshiruvi” institutini jorish qilish davlat boshqaruvida qanday natija beradi, bu qonunchilikda belgilangan aybsizlik prezumpsiyasiga zid bo‘lib qolmaydimi, degan savol bilan yuzlandi.
Mazkur savolga partiya vakili J. Shirinov atroflicha tushuntirishlar berib, davlat xizmatiga halol insonlar kelmas ekan, korrupsiya degan baloni yengib bo‘lmasligini qayd etdi. Qolaversa, u buning aybsizlik prezumpsiyasiga hech qanday ta’siri yo‘qligini, chunki bu shaxsga ayb e’lon qilinmasligini, ish beruvchi o‘zining vakolatlari doirasida o‘z xodimining halolligini tekshirib borishini bildirib o‘tdi.
“Adolat” SDP vakili O‘zLiDeP dasturida qonun ustuvorligi, odil sudlov va adolatni ta’minlashga erishamiz, degan g‘oya ilgari surilgani va bunga qanday erishmoqchisiz, aniq qanday choralar ko‘riladi, degan savol bilan murojaat qildi.
Partiya vakili ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, sud presedenti huquqini amaliyotga joriy etish taklif qilinayotganini ma’lum qildi. Qolaversa, tergovda shaxs huquqini cheklashga sanksiya berish masalasi alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Shuningdek, debatda yo‘llardagi tirbandlik va piyodalar xavfsizligiga oid masalalar, ekolog-huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish va ixtisoslashtirilgan sudlar tashkil etish bo‘yicha partiyalar tomonidan ilgari surilayotgan takliflar zaruratiga qaratilgan savollar o‘rtaga tashlandi va javoblar olindi.
Debat yakunida esa har bir siyosiy partiya vakili saylovchilarga murojaat qilib, ularni saylovda faol ishtirok etishga va o‘zlarining nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring